Marsning shimoliy yarimsharida bahor fasli 199 kun davom etadi

Sayyoramizda odamlar soni yil sayin ortib bormoqda. Shuning uchun odamlar boshqa sayyoralarni zabt etish ishtiyoqida yashamoqda.

Shu bois bo‘lsa kerak, Mars odamzod tomonidan eng ko‘p o‘rganilgan sayyora hisoblanadi. Oldingi davrlarda Marsda hayot yo‘q, deb sanab kelingan bo‘lsa, uni kosmik apparatlar bilan o‘rganish davri boshlangandan buyon Marsni o‘rganish masalasiga katta e’tibor berila boshlandi. Shu maqsadda Mars tomon yuzlab kosmik apparatlar uchirilgan bo‘lsa-da, ularning uchdan biri bu sayyora sathiga yetib borgan, xolos. Bu apparatlarning aksariyat qismi sirli sabablarga ko‘ra, Mars sathiga yetib bormagan va izsiz yo‘qolgan. Olimlarning fikricha, balki Marsda ham kosmik apparatlarni yutib yuboradigan «bermud uchburchagi» mavjuddir.

Marsni birinchi marta italiyalik olim Galileo Galiley 1609 yilda teleskopda kuzatgan. U qizil rangda ko‘ringani tufayli qadimgi Rim xalqlari mifologiyasida urush xudosining nomi (arablarda u Mirrix) nomi bilan atalgan. Chunki uni qonga bo‘yalgan sayyora, deb hisoblashgan. Marsning qizil rangda ko‘rinishiga sabab, uning tuprog‘i tarkibida temir oksidi (temir zangi) ko‘pligidan. Shuning uchun bu sayyorani «qizil sayyora» deb ham atashadi.

Marsning massasi Yerning massasidan 10 marta kichik. Quyoshdan uzoqligi Yernikiga nisbatan 1,5 barabar katta. Yerda sutkaning davomiyligi 24 soat bo‘lsa, Marsda 24 soat 37 daqiqa 22,7 soniyaga teng. Undagi gravitatsiya Yerdagi gravitatsiyaning 37 foizini tashkil etadi. Boshqacha qilib aytganda, Yerda 100 kilogramm bo‘lgan jism Marsda 37 kilogramga teng. Mars atmosferasining 95 foizi karbonat angidriddan iborat. Undagi bosim mavsumiy o‘zgaradi, ayniqsa, uning qolpoqlaridagi muzlarning erishi va muzlashiga bog‘liq ravishda o‘zgarib turadi. Umuman aytganda, undagi bosim Yerdagi bosimdan 160 marta kichik. Bu degani unga uchib borgan kosmonavt skafandrsiz bir daqiqa ham yashay olmaydi: tanasidagi qon qaynab ketadi.

Marsning temperaturasi qutbida -153 gradusdan ekvatorida +25 gradusgacha o‘zgarib turadi. Uning o‘rtacha temperaturasi -55 gradusni tashkil etadi.

Marsda global magnit maydoni mavjud emas. Lekin po‘stlog‘ining ayrim qismlari magnitlangan bo‘lar ekan. Bu esa oldin uning magnit maydoni mavjud bo‘lganligidan darak beradi.

Marsda Quyoshning chiqishi va botishi arafasi Yerdagidan farq qiladi. Yerda Quyosh botishdan oldin qizarib botishsa, Marsda uning atmosferasi chang to‘zonlari bilan qoplangani uchun havorang tus oladi.

Sayyorada Quyosh tizimida eng katta balandlikga ega bo‘lgan Olimpus Mons nomli, balandligi 27 kilometr vulqon mavjud. Vulqonlar asosan sayyoraning Farasida provinsiyasida joylashgan bo‘lib, 30 million kvadrat metr maydonni (deyarlik Afrika qit’asining maydoniga teng) egallagan. Vulqon qoldiqlari massasi shunchalik kattaki, olimlarning hisobiga ko‘ra, ular Marsning aylanish o‘qini siljitib yuborishga qodir bo‘lar ekan.

Olimlar sayyoradagi jinslar tarkibida suv belgilari borligini aniqlashgan. 2006 yilda olimlar Marsning sirtida olti yil avval kuzatilmagan yangi yog‘ingarchilik qoldiqlarini ko‘rishgan. NASA olimlarining gaplariga ko‘ra, bu Mars sirti bo‘ylab gohida suvning oqishini isbotlaydi. Boshqa olimlarning fikricha, bu qoldiqlar karbonat angidrid gazining muzlashini yoki changlarning harakatini ko‘rsatadi. Kosmik apparatlar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tmishda Mars to‘liq atmosferaga ega bo‘lgan. Uning sirtidan suvlar oqib turgan, ko‘llar va dengizlar mavjud bo‘lgan. Iqlim o‘zgarishi bilan Marsning barcha gidrosferasi amalda yo‘qqa aylangan. Marsdagi suvlar faqat uning qutb qolpoqlarida muz shaklida saqlanib qolgan. Hozirgi zamon hisob-kitoblariga ko‘ra, agar bu qolpoq muzlari eritib yuborilsa, Mars sathi o‘nlab metrlar balandlikdagi suv qatlami bilan qoplanadi.

Mars va Yer o‘zining aylanish o‘qlari ekvatorial tekisliklariga nisbatan deyarli bir xil burchak ostida og‘gan. Yerda bu burchak kattaligi 23,5 gradusni tashkil etsa, Marsda 25 gradusga teng bo‘ladi. Shu bois ularda yil fasllari bir xilda kechadi. Lekin Mars yili taxminan ikki Yer yiliga teng bo‘lgani uchun Marsning fasllari Yer fasllariga nisbatan ikki marta uzoqroq davom etadi. Masalan, Marsning shimoliy yarimsharida bahor 199 kun, yoz 182 kun, kuz 146 kun va qish 160 kun davom etadi.

Mars o‘z sathida ma’lum bir asimmetriyaga ega bo‘ladi. Uning janubiy yarimshari va ekvatorial regionlari kraterlar bilan to‘lib toshgan. Shimoliy yarimshari esa uzunligi 10600 kilometr, kengligi 8500 kilometr bo‘lgan tekislikdan iborat. Ularning o‘rtacha qolgan sirtidan 6 kilometr past hisoblanadi. Mars tuzilishidagi bunday asimmetriya Quyosh sistemasining boshlang‘ich davrlarida bu sayyorada bo‘lib o‘tgan gigant to‘qnashuv natijasi bo‘lsa, ajab emas.

Marsda Quyosh tizimida eng katta bo‘lgan kanyonlar mavjud va ular «Mariner vohasi», deb ataladi. Uning uzunligi 4500 kilometr, kengligi 200 kilometr, chuqurligi 11 kilometrgacha boradi. Uzunligi bo‘yicha AQShning Kolorado daryosidagi Katta kanyondan 10 marta, kengligi bo‘yicha 7 marta katta keladi.

Marsda 2 qatlamli qutb qolpoqlari mavjud. Pastki qatlam suv muzlari va chang aralashmalaridan iborat bo‘lib, u o‘zgarmaydi. Yuqori qatlami fasllar o‘zgarishiga bog‘liq, uglekislotadan iborat bo‘lib, quruq muz deb ataladi. Bahorda temperaturaning oshishi bilan qattiq holatdan gazsimon holatga aylanadi. Natijada, qolpoqning hajmi kamayadi. Qishga borib esa gaz muzlab, qolpoqni kattartiradi.

Ochiq kechada Marsni ko‘z bilan ko‘rish mumkin. Iyul va sentyabr oylarining o‘rtalarida Mars sirtini teleskopda tiniq kuzatsa bo‘ladi.

Marsning Fobos (grekchada “qo‘rqinch”) va Deymos (grekchada “dahshat”) deb ataluvchi ikkita yo‘ldoshi bor. Ularni 1877 yilda amerikalik astronom Asef Xoll kashf qilgan. Ularning orbitalari Marsga juda yaqin. Bu yo‘ldoshlar vaqtida asteroid bo‘lgan. Mars ularni o‘ziga tortib olib, yo‘ldoshiga aylantirgan. Ayniqsa, Fobosning harakat orbitasi Marsga juda yaqin bo‘lganidan, olimlarning aytishicha, kelgusida uning Marsga qulab tushish ehtimoli juda katta hisoblanadi. Ana shunda Fobos qulab tushishi jarayonida portlab, parchalanib ketadi va Marsda Saturndagi kabi xalqa paydo bo‘lishi mumkin.

   Mars atmosferasining tarkibini 95 foiz karbonat angidrid gazi, 3 foiz azot va 1,6 foiz argon tashkil etadi. Uning sirtida kislorod va suv izlari ham topilgan. Ayrim olimlarning fikricha, unda metan izlari ham mavjud. Bu narsa Marsda hayot bo‘lishi mumkin, degan fikrning paydo bo‘lishiga olib keladi. Chunki metan ko‘pincha hayvonlar tomonidan yuzaga keltiriladi. Boshqa olimlar esa metan Marsda bo‘lishi mumkin bo‘lgan zaytun minerallari tomonidan ham hosil bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi.

   Mars va Yer orasidagi masofa 55-100 million kilometr o‘rtasida o‘zgarib turadi. Bu oraliq masofa eng kichik bo‘lgan paytlarni “buyuk ro‘para turish” deb aytishadi. Bunday holat har 15-17 yilda takrorlanib turadi: 1877, 1892, 1909, 1924, 1939, 1954, 1971, 1988, 2006 yillarda kuzatilgan. Oxirgi marta bunday turish 2006 yil 27 avgustda bo‘lib o‘tgan. Ana shu kuni Yer va Mars bir-biriga shunchalik yaqinlashganki, bunday yaqinlashish o‘tgan 60000 yil ichida sodir bo‘lmagan. O‘shanda Mars tungi osmonda (yorqinligi bo‘yicha Oy va Veneradan keyin turadi) yarqirab ravshan ko‘rinib turgan.

Axborot manbalaridan ma’lumki, Rossiya va AQSh davlatlari Marsni zabt etish bo‘yicha loyihalar tuzgan va ular ustida olimlar va muhandislar jadal ishlarni olib borishmoqda. Lekin insonni Marsga uchirish katta sarmoya talab etadi. Jahon axborot agentliklarining xabarlariga ko‘ra, bir odam uchun Marsga sayohat 10 milliard dollarga tushar ekan. Bundan tashqari, Marsdagi bir necha omillar insonning unda uzoq vaqt yashashiga to‘sqinlik qiladi. Birinchidan, Marsning magnit maydoni va uning atmosferasida azon qatlami mavjud emas. Demak, Marsning sirtiga Quyoshning ultrabinafsha nurlari bemalol kirib kela oladi va inson hayotiga katta tahlika soladi. Ikkinchidan, Marsning gravitatsiya maydoni Yernikiga nisbatan 2,5 marta kichik hisoblanadi. Bu esa inson suyaklarining tezda mo‘rtlanishiga hamda mushaklarining qurib ketishiga olib keladi. Bundan tashqari, Mars tomon sayyohat faqat bir tomonga bo‘ladi, ya’ni u tomon uchgan odam Yerga qaytib kela olmaydi. Shunga qaramasdan, 2030 yilga mo‘ljallangan Marsga sayyohat ishqibozlari kam emas. Minglab insonlar bu sayyohatda ishtirok etishga istak bildirgan. E’tiborlisi shundaki, ular ichida yirik olimlar ham bor.

Internet materiallari asosida SamDU professori Ortiq PARDAYEV tayyorladi.