Neptun - Quyosh tizimining eng so‘nggi sakkizinchi sayyorasi
U massasi jihatidan Yer massasidan 17,2 marta, diametri jihatidan esa Yer diametridan 3,9 marta katta. Uning trayektoriyasining afeliyidan Quyoshgacha bo‘lgan masofa 4 milliard 553 million 946 ming 490 kilometr bo‘lib, Quyosh atrofini 164,79 Yer yilida bir marta aylanib chiqadi. O‘z o‘qi atrofida esa 15,8 soatda bir marta to‘la aylanadi.
Neptunning 1846 yilda Lessel ochgan Triton (diametri 4000 kilometr) va 1949 yilda amerikalik astronom Koyper ochgan Nepeida (diametri 300 kilometr) nomli yo‘ldoshlari bor. Hozirgi kunda yo‘ldoshlarining soni 14 taga yetadi. Bu sayyora birgina ”Voyadjer-2” kosmik apparati bilan o‘rganilgan. U bergan ma’lumotga ko‘ra, sayyoraning 5 ta xira halqalari mavjud. Triton yo‘ldoshi boshqa yo‘ldoshlarga nisbatan teskari yo‘nalishda Neptun atrofida aylanishi aniqlangan.
Bu sayyora birinchi marta Laverening matematik hisoblari asosida nemis olimi Galle tomonidan 1846 yil kashf qilingan. U dengiz va okeanlar xudosi Neptun nomi bilan atalgan.
Neptunning atmosferasida molekulyar vodorod (80 %), geliy (19 %) va biroz metan mavjud. Metanning borligidan kosmik apparatlar ob’yektivida moviy rangda namoyon bo‘ladi. Sathining temperaturasi minus 220 gradusgacha borsa, yadrosining temperaturasi 5200 gradusgacha boradi. Bu sayyorani kuzatishlarda aniqlangan ajablanarli hodisa shuki, uning Quyoshdan oladigan issiqlik miqdoriga nisbatan o‘zi ko‘proq issiqlik miqdori ishlab chiqarar ekan. Olimlarning fikricha, bu Neptun yadrosida termoyadro reaksiyalari hozirgacha davom etishi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, Neptun aylanish o‘qi o‘zining orbital tekisligiga Yer va Marsga o‘xshab oqqanligi tufayli unda ham fasllar almashib turadi. Faqat fasllar almashuvi har 40 yilda sodir bo‘lishi aniqlangan.
Quyosh tizimida Neptun eng shamolli sayyora hisoblanadi. Undagi shamollar tezligi soatiga qariyb 2100 kilometrni tashkil etadi. Ya’ni, Yerdagi eng kuchli dovul tezligidan o‘n barobar kuchli bo‘ladi.
nternet materiallari asosida SamDU professori Ortiq PARDAYeV tayyorladi.