Festival doirasida o‘tkazilayotgan ko‘rgazmali chiqishlar, musobaqalar O‘zbekiston chempionati uchun mahorat darslari vazifasini o‘tayapti

Viloyatimiz bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilayotgan yoshlar festivali bugun Samarqand shahrida davom etyapti.

Festival doirasida Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston -  Finlandiya pedagogika institutida tashkil etilgan sahnada san’atsevar iste’dodli yoshlar o‘z mahoratlarini namoyish etdi.

Sartepa massividagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida futbol va badiiy gimnastika bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar va musobaqalar tashkil etildi.

- 3 yoshimdan beri sportning badiiy gimnastika turi bilan shug‘ullanib kelaman, - deydi Samarqand shahridagi 50-maktab o‘quvchisi Asal Ahmedova. – Bir qancha respublika musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritganman. Bugun yoshlar festivali doirasida o‘tkazilayotgan ko‘rgazmali chiqishlar va musobaqalar samarqandlik sportchilar uchun yaqinda Navoiy viloyatida badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkaziladigan O‘zbekiston chempionati uchun mahorat darslari hamdir.

Birozdan so‘ng Samarqandning Kimyogarlar hamda Xishrav shaharchalarida festival doirasidagi konsert dasturlari boshlanadi.