Bitta haqoratli so‘z va 2,5 yil muddatga qamoq
Samarqandlik fuqaro 2023 yil yoz faslining boshida “Instagram” ijtimoiy tarmog‘ida “President family” nomli videolavhaga post qoldirib, internet tarmog‘idan foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini haqorat qilgan.
Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini omma oldida haqoratlaganlik yoki unga tuhmat qilganlik, shuningdek, matbuot yoki boshqa OAVdan, internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlaganlik yoki unga tuhmat qilganlik uchun 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari nazarda tutilgan.
X.Sulaymonova nomidagi respublika sud-ekspertiza markazi kompleks sud-siyosatshunoslik lingvistik ekspertizasining 2023 yil 20 iyul kungi xulosasida yuqorida qayd etilgan holatda Respublika Prezidentini haqoratlash, obro‘sizlantirish bilan bog‘liq harakatlar mavjudligi ko‘rsatilgan.
Oqibatda ijtimoiy tarmoqda Prezidentni haqoratlovchi post qoldirgan fuqaro Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Bu jinoyat O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar turkumiga kirganligi sababli JKning 73-moddasi 4-qismi “g” bandiga muvofiq jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmati jinoyat qonunchiligi bilan alohida qo‘riqlanishini unutmang!