Shvetsiyadagi o‘zbek taassurotlari: G‘arbdan nimalar o‘rganish, nimalarni esa o‘rganmaslik kerak

Yaqinda dugonam Yevropa sayohatidan qaytdi. Avvaliga chet el hayoti haqida havas bilan gapirdi. Uning aytishicha, Shvetsiyada ta’lim tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, maktab ota-ona bilan hamkorlikda ishlaydi. Hamkorlik bizdagi singari o‘ttiz nafar ota-onaning ichida birining bolasini to‘polonchi, yaxshi o‘qimaydi, deb izza qilish emas, aksincha, o‘qituvchi har bir ota-ona bilan alohida shug‘ullanadi. Uning yutuq va kamchiliklarini ota-onaning o‘zi bilan muhokama qiladi, muammolarga yechim axtaradi. Bolaning imkoniyatlari, qiziqishlaridan kelib chiqib, maktabda unga oshpazlik, sartaroshlik, duradgorlik, tikuvchilik kabi kasblar o‘rgatiladi. O‘quvchi maktabda ta’lim olish bilan birga mustaqil hayotga tayyorlanadi.

Bola tarbiyasida ota-ona o‘z vazifasini astoydil bajaradi. Masalan, er-xotin o‘zaro ajrashgan taqdirda ham bolaning tarbiyasida birga ishtirok etadi. U bilan sayr qiladi, dars tayyorlaydi, bayramlarni birgalikda nishonlaydi.

Davlatning 68 foizi o‘rmon bo‘lib, yana har yili minglab daraxtlar ekiladi. Shuning uchun ham tabiati toza, kislorodga boy. Odamlari sog‘lom hayot tarziga amal qilib, sport bilan muntazam shug‘ullanadi. Yoshi katta odamlar ham o‘zini keksa deb hisoblamaydi. Hamma joyda yugurish uchun yo‘laklar bo‘lib, deyarli semiz odamni uchratish qiyin.

Transport tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, mamlakatning istalgan joyiga qulay shart-sharoitga ega yo‘lovchi tashish avtobuslari qatnab turadi. Shunisi ajablanarliki, mansabdorlarga davlat tomonidan alohida xizmat mashinasi ajratilmaydi. Mansabdorlar hamma oddiy fuqarolar singari avtobus va metroda ishga qatnaydi.

Odamlar istalgan joyga chiqindi tashlab ketmaydi. Chiqindi tashlash joylarida turiga qarab maxsus qutilar joylashtirilgan. Chiqindilar chiqindixonaning o‘zida to‘g‘ridan to‘g‘ri qayta ishlashga yuboriladi. Ba’zi bo‘shagan ichimlik idishlariga pul to‘lanadi. Ayrimlar ichimlik idishlarini yig‘ib, puliga haftalik oziq-ovqat sotib oladi.

Qisqasi, shunday. Ammo dugonam u yerning boshqa tomonlarini ham aytib berdi. Yevropada ota-ona bilan o‘n sakkiz yoshga to‘lgan farzand birga yashamaydi. O‘n sakkiz yoshga kirgan yigit yoki qiz alohida mustaqil yashash uchun boshqa kvartiraga chiqib ketadi. Keksalar qariyalar uyida yoki o‘zlari yolg‘iz yashaydi.

Yoshlar rasman nikohdan o‘tishni istamaydi, shunchaki bir-biriga ishonch bildirib yashayveradi. Farzand ham ko‘rishi mumkin. Ba’zilar oila mas’uliyatidan qochib, uylanmaydi, ya’ni yolg‘iz yashaydi. Yolg‘izlikni xush ko‘ruvchilar ichida ba’zan o‘z joniga qasd qilish holatlari uchrab turadi.

Shvetsiya davlati bir jinslilar nikohiga qarshi emas, shuning uchun ham bekat va metrolarda bir jinslilikni targ‘ib qiluvchi rasmlar yopishtirilgan.

Chet elliklar oila qurishni va bola tug‘ishni istamaydi

Yaqinda feysbuk sahifasida yapon kampiri o‘zbek oilasiga chaqaloqni ko‘rish uchun kelgani haqidagi postni o‘qigandim. Postda yozilishicha, ertalab yapon kampiri bolalari kvartirani boshiga ko‘tarayotgan o‘zbek oilasining eshigini taqqillatadi. Xonadon sohibi endi keksa ayoldan gap eshitaman deb eshikni ochadi. Yapon kampiri undan chaqalog‘ini ko‘rishga ruxsat so‘raydi. Biroz bolani o‘ynatadi, so‘ngra har kuni sizlarnikiga kelib tursam maylimi, deydi. Yigit kampirga birga yashashni taklif etadi. Suhbat asnosida keksa ayol yolg‘iz yashashi, uning ikki nafar farzandi borligi, ular onasini ko‘rgani bir yilda bir marta kelishi, farzandlarining ikkalasi ham oila qurmaganini aytadi. Shuningdek, ular yashaydigan ko‘p qavatli uyda birorta ham oilada yosh bola yo‘qligi haqida gapiradi.

Aholi salmog‘ini saqlab qolish nuqtai nazardan Yaponiya, Shvetsiya kabi rivojlangan davlatlar hukumatlari ertangi kundan xavotirda. To‘g‘ri, ular bizning mamlakatimizdan 40-50 yilga (balki undan ham ko‘p) taraqqiy etib ketdi. Biroq, ular o‘zligini, milliy qadriyatlarini unutdi. Umuman olganda, nafaqat bu davlatlar, balki MDHda, xususan, Rossiyada ham tug‘ilish yildan yilga kamayib bormoqda. 

Xorijga yaxshi hayot qidirib ketgan vatandoshlarimiz haqida ba’zi xabarlarni eshityapmiz. Ayniqsa, chet elda katta bo‘lgan bolalar mentalitetimizga yot bo‘lgan xatti-harakatlari bilan ota-onalarini xafa qilyapti. Ba’zi otalar oriyatiga chiday olmay bir kunda hamma narsasini tashlab, oilasi bilan O‘zbekistonga qaytib kelyapti. 

Quvonganim, ba’zi davlatlar go‘dak yig‘isiga zor bo‘lib turgan bir paytda yurtimiz aholisi yildan yilga ko‘paymoqda. Shukrki, bizning ayollarimiz qomati buzilishdan qo‘rqmaydi, aksincha bag‘rida bolasi bo‘lmaslikdan qo‘rqadi. Shukrki, erkaklarimiz yolg‘iz yashashni istamaydi, xorijda qiynalib mehnat qilsa ham bolalari ta’minotini asosiy vazifa deb biladi. Shukrki, keksalarimiz uyimizning farishtasi, duogo‘yimiz. Ularning duosisiz biz farzandlar hech qanday muvaffaqiyatga erisha olmasligimizni yaxshi bilamiz. Shukrki, XIV asrdan beri vatanga sodiq bo‘lish, ota-onaga yaxshilik qilish, odamiylikni bizga islom ta’lim berib kelmoqda. 

Xurshida ERNAZAROVA.