Filialimizga biriktirilgan maktablar bilan ishladik

2021 yil 11 may kuni Zarnews.uz saytida “Oliy ta’lim muassasalari o‘zlariga biriktirilgan maktablar bilan ishladimi?” nomli tanqidiy maqola e’lon qilindi.

Maqolada Urgut tumanidagi 143-, 145-, 150-maktablar Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialiga biriktirilgan bo‘lib, o‘tgan vaqt davomida ta’lim sifatini oshirish va mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan birorta ham ish amalga oshirilmaganligi, bitiruvchilarning OTMlariga kirish ko‘rsatkichini yaxshilash va ularga shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha filial tomonidan nazorat testlari o‘tkazilmagani va tahlil qilinmaganligi qayd etib o‘tilgan.

Filial tomonidan ushbu maktablarda ta’lim sifatini oshirish, tizimda mavjud muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan hamda manzilli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Filialning 3 nafar tajribali kafedra mudirlari Urgut tumanidagi 143-, 145-, 150-maktablarga mas’ul etib belgilangan.

Filial rahbariyati tomonidan maktablar bilan ishlash tizimini osonlashtirish maqsadida filial mas’ullari va maktablar mutasaddilari uchun telegramm guruhi ochildi hamda ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi, olib boriladigan tadbirlar va uchrashuvlar muntazam yoritib borilmoqda.

Maktablarning faoliyatini tahlil qilib borish maqsadida har bir maktabning maktab pasportlari shakllantirilgan.

143-, 145-, 150-maktablarga 2 marotaba filial tomonidan 32 donadan matematika, fizika, rus tili, kimyo va informatika fanlariga oid darslik hamda o‘quv qo‘llanmalar taqdim etildi.

Mazkur maktablarda 2020-2021 o‘quv yilida 108 nafar bitiruvchi o‘quvchilar mavjud bo‘lib, tashkil etilgan suhbatlar chog‘ida qaysi oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirmoqchi ekanligi, ularni hozirda qiynab kelayotgan masalalar, maktab va ota-onalar o‘rtasidagi o‘zaro aloqaning samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli tadbirlar amalga oshirildi. Bajarilgan ishlar zarnews.uz saytida ham yoritildi

Filialga biriktirilgan 150-maktabning moddiy texnik holatini yaxshilash masalasida qator o‘rganishlar olib borilib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Urgut tumani 2-sektor rahbari Sh.Xolmirzayev va Urgut tumani xalq ta’limi moliya bo‘limi boshlig‘i B.Salomovlarga murojaat xati yuborildi.

Filialga biriktirilgan maktablarning fizika, matematika, informatika, chet tili, tarix, kimyo, biologiya fani o‘qituvchilarining malakalarini oshirish borish maqsadida reja asosida mahorat darslari tashkil etildi. Shu jumladan, filial professor-o‘qituvchilari bitiruvchi o‘quvchilarni oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida qo‘llaniladigan test savollari, mashq va masalalar to‘plami kabi metodik qo‘llanmalar bilan ta’minladi.

Maktab o‘quvchilarini oliy ta’lim muassasalariga kirish ishlarini targ‘ib qilish hamda kasbga yo‘naltirish maqsadida filial mas’ul o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari tomonidan targ‘ibot ishlari amalga oshirildi va qilingan ishlar filial rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida yoritib borildi.

143-, 145-, 150-maktablar o‘qituvchilari hamda 150-maktab o‘quvchilari uchun “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatida kafedra mudiri, dotsent U.Yazdanov va Samarqand viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherali Temirov ishtirok etib, faol o‘quvchilarga esdalik sovg‘alarini taqdim etishdi.

Maktablarning bitiruvchi sinf o‘quvchilarining bilimini baholash bitiruvchi sinf o‘quvchilaridan biologiya, kimyo va matematika fanlaridan o‘quvchilar bilimini baholash hamda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlariga tayyorgarlik darajasini sinovdan o‘tkazishdi va qilingan ishlar filial rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida yoritib borildi

Amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborotlar har haftada Samarqand viloyati hokimligining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha kotibiyatga taqdim etib borilmoqda.

Filial yangidan tashkil etilganligi bois biriktirilgan maktablar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha faqat o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy yordam berishi mumkinligini alohida qayd etib o‘tmoqchimiz.

Toshkent davlat agrar universiteti

Samarqand filial axborot xizmati.