TATU Samarqand filiali xodimi muntazam mualliflik huquqlarini buzib kelgani aniqlandi

“Akademnashr NMM” MChJ tomonidan Samarqand viloyati adliya boshqarmasiga 2022 yil 1 iyunda mualliflik huquqiga oid shikoyat xati keldi. Unda qayd etilishicha, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali xodimi S.X. muqaddam intellektual mulk sohasida huquqbuzarlik sodir etib kelgan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur filial rasmiy veb-sahifasi elektron kutubxonasida dasturlash asoslariga aloqador fayllar bo‘limida muallifi Anvar Narzullayev bo‘lgan “Pythonda dasturlash asoslari” nomli “Akademnashr NMM” MChJ tomonidan chop etilgan kitob skaner qilingan varianti huquq egalarining ruxsatisiz joylashtirilgan.

Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan aniqlangan ma’lumotlarga asosan, “Akademnashr NMM” MChJ hamda fuqaro Anvar Narzullayev o‘rtasida 2021 yil 8 iyunda uning “Pythonda dasturlash asoslari” nomli asarini nashr etish bo‘yicha mutlaq mulkiy huquqlarni mazkur MChJga berishi, MChJ esa asar muallifiga haq to‘lash majburiyatini olish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi imzolangan.
Mazkur shartnomaga asosan asarga bo‘lgan mulkiy huquqlar “Akademnashr NMM” MChJga o‘tkazilgan, shuningdek, mazkur shartnomaning 3.5-bandiga ko‘ra, uchinchi shaxslar tomonidan asarga bo‘lgan huquqlar buzilgan taqdirda taraflar buzilgan huquqlarini himoya qilishda bir-biriga ko‘maklashishi belgilangan.

Biroq TATU Samarqand filialining mas’ul xodimi S.X. filial rasmiy veb-sahifasidagi elektron kutubxonaga “Akademnashr NMM” MChJ tomonidan chop etilgan “Pythonda dasturlash asoslari” nomli kitob nusxasini huquq egalarining ruxsatisiz joylashtirgan. Vaholanki, “Mualliflik huquqlari va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga ko‘ra, muallif asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda mutlaq huquqlarga egaligi, yuridik va jismoniy shaxslar, qonunda ko‘rsatilganidan tashqari hollarda, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkinligi, xususan, asarni barchaning e’tiboriga yetkazish, asarni sim (kabel) orqali yoki boshqa shu kabi vositalar yordamida uzatish yo‘li bilan barchaning e’tibori uchun yuborish muallifning asardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari sirasiga kirishi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, ushbu qonunning 61-moddasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Yuqoridagi qonun normalariga asosan fuqaro S.X. mazkur harakatlari bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 1771-moddasi birinchi qismida belgilangan mualliflik huquqlarini buzgan.

Viloyat adliya boshqarmasi mazkur ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudiga yuborgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 martdagi PF–89-son farmoni bilan Adliya vazirligiga intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda ixtirolar, tovar belgilari, mualliflik huquqi va boshqa intellektual mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish vazifasi yuklatilgan.

Viloyat adliya boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.