Osiyo taraqqiyot bankining 59-yillik yig‘ilishi Samarqandda o‘tkaziladi

2026 yilning 3−6 may kunlari Samarqand shahri Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) 59-yillik yig‘ilishiga mezbonlik qiladi. Unda bankka a’zo 69 davlatning bank-moliya muassasalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, NNTlar va OAV vakillari ishtirok etib, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida joylashgan mamlakatlar oldida turgan rivojlanish muammolarini ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilmoqda.
Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev bilan Osiyo Taraqqiyot Banki kotibi maslahatchisi David Garrigos-Soliva hamda bankning Strategik va siyosiy departamenti bosh mutaxassisi Botir Mirbabayevlar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda mazkur yig‘ilish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
David Garrigos-Solivaning so‘zlariga ko‘ra, 2026 yilgi yillik yig‘ilish mintaqaning ko‘plab sohalarida o‘ziga xos muloqot va hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim platforma vazifasini o‘tashini bildirdi.
OTB murakkab muammolarni birgalikda hal qilish uchun o‘z a’zolari va hamkorlari bilan ishlar ekan, odamlar hayotini o‘zgartirish, sifatli infratuzilmani barpo etish uchun innovatsion moliyaviy vositalar va strategik hamkorlikdan keng foydalanadi, - dedi bank vakillari.
Adiz Boboyev OTBning yillik yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazilayotganidan mamnun ekanligini aytib, ushbu nufuzli tadbirni yuqori darajada o‘tkazish uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilishini ta’kidladi.
Shuningdek, muloqotda yillik yig‘ilish doirasida bank moliya, xorijlik investorlar ishtirokida samarqandlik tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida biznes-forum hamda uchrashuvlar o‘tkazishga ham kelishib olindi.
Bank vakillari Samarqandda yashil iqtisodiyotga o‘tish, xususiy sektorni mustahkamlash va inson kapitaliga sarmoya kiritishga ko‘maklashishlarini, "yashil shahar" loyihasi doirasida Samarqandda ekologik toza elektrobuslar, tramvaylar harakati yo‘lga qo‘yilganligini e’tirof etib, yig‘ilish doirasida hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini ma’lum qilishdi.