TATU Samarqand filialida "Smart Eye" loyihasi ishlab chiqildi

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali axborot ta’lim texnologiyalari kafedrasi mudiri Hoshim Rahmonov talabalar bilan birga omborlarda yong‘inni aniqlash, bu haqida tegishli organlarga yong‘in chiqqan joy lokatsiyasi va tasvirini mujassamlashtirgan xabarni yuborishga mo‘ljallangan “Smart Eye” loyihasi ustida ish olib bormoqda.

Innovatsion loyihaning maqsadi videokuzatuv kameralari yordamida olingan tasvirlarni intellektual tahlil qilgan holda olov va tutunni avtomatik tanib olishning apparat va dasturiy qurilmasini yaratishdir.

Yaratilgan apparat va dasturiy qurilmaning vazifasi ochiq maydonlarda sodir bo‘lgan yong‘inni avtomatik tanib oladi va xabarni tasvir ko‘rinishida yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasiga yoki dispetcherga avtomatik tarzda yuboradi.

Kuzatuv videokameralari yordamida doimiy kuzatish qiyin bo‘lgan hududlar (o‘rmonlar, ochiq dala maydonlari)da yong‘inni tezkor aniqlash hamda buning oqibatida yuz berishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish imkoniyatini beradi. Xabarda yong‘in o‘chog‘i, manzili va yong‘in tasviri keltiriladi.

Hozirda loyiha doirasida yong‘inni videotasvirlar yordamida avtomatik tanib olish algoritmi va dasturiy vositasi, yong‘in haqidagi ma’lumotni avtomatik yuborish algoritmi va dasturiy vositasi, olov va tutunni ochiq maydonlarda masofadan tanib oluvchi va yong‘in haqidagi xabarni tasvir ko‘rinishida avtomatik yuboruvchi intellektual tizimning apparat va dasturiy qurilmasi ishlab chiqilgan.

TATU Samarqand filiali axborot xizmati.