Samarqanddagi yoshlar o‘rtasida IT-tanlovlar o‘tkazilmoqda

Samarqand viloyatidagi yoshlar o‘rtasida internetdan samarali foydalanishni tashkil etish doirasida istiqbolli IT-loyihalar, dasturlash, robototexnika va kibersport yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovlar bo‘lib o‘tmoqda.

Ushbu tanlovlar viloyatdagi 30 yoshgacha bo‘lgan istiqbolli loyihalar mualliflarini aniqlash, ularning ishlanmalarini hayotga tatbiq etish hamda zamonaviy fikrlaydigan, intiluvchan shaxslarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish va yanada ruhlantirish, oliy ta’lim muassasalari talabalari, akademik litsey, kasb-hunar kollej va texnikumlar talabalari, o‘quvchilar va uyushmagan yoshlarning dasturlash, robototexnika va kibersport yo‘nalishlari bo‘yicha qobiliyatlarini namoyon etish va rivojlantirish, iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida tashkil etilgan.

Tanlovlarning shahar va tuman bosqichlari 27 sentyabrdan 5 oktyabrga qadar Jomboy, Bulung‘ur, Oqdaryo, Ishtixon, Urgut, Past Darg‘om, Nurobod, Paxtachi, Narpay, Payariq va Samarqand tumanlarida o‘tkazildi. Unda birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi va tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Mazkur IT-tanlovlar viloyat hokimligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali va IT-park Samarqand hududiy filiali hamkorligida tashkil etildi.

TATU Samarqand filiali axborot xizmati.