Fuqarolar yig‘ini raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tuziladi

“Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish uchun fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) qarori bilan ishchi guruh tuziladi. Fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) navbatdagi saylovi e’lon qilinganidan keyin ishchi guruh o‘z faoliyatini tugatadi.

Ishchi guruh tarkibiga, qoida tariqasida, fuqarolar yig‘inining, tegishli hududda joylashgan nodavlat notijorat tashkilotlarining va boshqa tashkilotlarning vakillari, shuningdek tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining deputati kiritiladi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli), uning maslahatchilari, fuqarolar yig‘ini organlarining boshqa xodimlari, shuningdek fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarning, fuqarolar yig‘ini organlari boshqa xodimlarining yaqin qarindoshlari ishchi guruh tarkibiga kiritilishi mumkin emas.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar ishchi guruhga a’zo shaxslar yoxud ularning yaqin qarindoshlari orasidan ko‘rsatilgan taqdirda, ular ishchi guruh tarkibidan chiqariladi.