Turkiya. Saylov. Ikkinchi tur: Kim g‘alaba qozonadi?

Bugun, 28 may kuni Turkiya tarixida birinchi marta prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi bo‘lib o‘tadi. 

Rasmiy matbuotning xabar berishicha, saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 08:00 dan 17:00 gacha ishlaydi. Mamlakat bo‘ylab 191 mingdan ortiq saylov qutilari o‘rnatilgan. Saylovchilar soni 60 million kishidan oshadi. 

14 may kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berishning birinchi bosqichi natijalariga ko‘ra, nomzodlardan hech biri 50 foiz ololmadi. Jumhur ittifoqidan nomzod, amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdog‘an (49,52 foiz ovoz) va Millatlar ittifoqidan nomzod, Jumhuriyat Xalq partiyasi (JXP) yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li (44,88 foiz) olib, ikkinchi turda qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.

Ovozlarni sanash saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da yopilganidan keyin boshlanadi.

Xorijda yashayotgan Turkiya fuqarolari uchun ovoz berish 24 may kuni yakunlandi. 73 mamlakatda jami 3,5 million saylovchi ovoz bergan. 

Xorijdan saylov qutilari havo va diplomatik pochta orqali Anqaraga yetkazildi. Ular boshqa saylov qutilari qatori yakshanba oqshomida ovoz berish tugaganidan keyin ochiladi. 

Saylov natijalari to‘g‘risidagi translyasiyani taqiqlash 28 may, yakshanba kuni soat 21:00 gacha amal qiladi. Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan taqiq qonun hujjatlarida belgilangan muddatdan oldin olib tashlanishi mumkin.