FVV xodimi kanalda cho‘kayotgan bir yoshli bolani qutqarib qoldi

Joriy yil 18 iyun kuni soat 11:10 larda Bekobod shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi Yong‘in-qutqaruv qismi qutqaruvchisi, serjant Jasur Umirzoqov suv havzalarida fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha profilaktik tadbirlarini olib borayotgandi.

Shunda u bexosdan Bekobod tumani O‘zbekiston mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan oqib o‘tuvchi “Xosyoz” kanalida bir go‘dak oqib ketayotganligini ko‘rib qoladi. Darhol o‘zini suvga tashlab, go‘dakni suvdan olib chiqadi va unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, ota-onasiga topshiradi.

Voqea joyiga chaqirtirilgan “Tez yordam” shifokorlari esa bolani shifoxonaga olib ketishadi.

Qutqarib qolingan go‘dak Bekobod tumanidagi O‘zbekiston mahalla fuqarolar yig‘inining Bog‘ ko‘chasi, 50-uyda yashovchi, 2019 yil 12 yanvarda tug‘ilgan, voyaga yetmagan Karina Saidjon qizi Xolmatova ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Hozir go‘dakning sog‘lig‘i yaxshi.