G‘amxo‘rlik tarbiya degani emas

Tarbiya haqida har kuni, hamma davrada, tag‘in chiroyli qilib gapiramiz. Bolamiz to‘rt qator «she’r» yozsa, zo‘r shoirligini, bitta rasm chizsa, rassomligini bashorat qilamiz. Ammo undan qaysi shoirlar she’rini yoddan bilishini, mumtoz suratlar sharhini, hech bo‘lmaganda taniqli rassomlar ijodini bilishini so‘ramaymiz. Chunki ijodkorni faqat iqtidor emas, mahorat, ishtiyoq, mehnat tanitishini bilmaymiz. Buning o‘rniga farzandimizning havaskorona mashqlaridan kitob chiqishi, chizgan surati tezroq birorta tanlovda g‘olib chiqishi bilan g‘ururlanishni istaymiz.
Hayotiy tajribadan yaxshi bilamiz: oila farzand ko‘rishga tayyorlanadi. Ya’ni, avval sog‘lig‘ini nazorat qiladi, zararli taom va ichimliklardan tiyiladi, tamaki chekmaydi. Agar farzand tug‘ilsa, uni parvarish qilishga imkoniyatini chamalaydi. Biz esa... avval farzandni dunyoga keltirib, keyin yo‘l-yo‘lakay, sharoitga qarab uni parvarishlash yo‘lini qidiramiz. Ikki-uch oydan keyin yosh ona ishga chiqishga harakat qiladi, bolani goh qaynona, goh o‘z onasiga qoldirib, ishlarini bitirib keladi. Ijtimoiy ahvoli qanaqa bo‘lishidan qat’iy nazar, hamma oilada shunaqa.O‘z uyiga,kasbiga,muqim ish joyiga ega bo‘lmagan yosh ota- ona bola parvarishiga mablag‘i yetmasdan to‘rt tomonga murojaat qiladi. Bola kasal bo‘lgandagina unga mehribon bo‘lib qolamiz.
Vaholanki, tug‘ruqxonadan chaqaloqni olib chiqishni, uning tug‘ilganini nishonlashni qoyil-maqom qilib bajaramiz. Chunki bu tadbir «obro‘yimizni oshiradi».
Farzandimizni bolalar bog‘chasi, birinchi sinfga olib borishda ham tantanalarni kimo‘zariga o‘tkazishdan uyalmaymiz. Lekin 10 yil davomida ham maktabga borib, o‘g‘il-qizimiz o‘qishidan xabar olish malol keladi.
Kitob olib beramiz, lekin bola ko‘z o‘ngida kitob tugul, gazeta ham o‘qimaymiz. Buning o‘rniga vallamatligimizni ko‘rsatish uchun unga falon pulga repetitor topamiz.
Bolamiz o‘zimiz erishmagan narsalarga erishishini istaymiz. Faqat bu istak ilm orqali amalga oshishini tushunib yetmayapmiz. Aks holda, uyda unga ixcham kutubxona vujudga kelardi. Buning o‘rniga o‘ziga alohida televizor, alohida qimmatbaho telefon olib beramiz. O‘quvchi farzandimizning qo‘lidan ushlab, uni kitob do‘koniga boshlab borish xayolimizga ham kelmaydi. Chunki bunday odat hali o‘zimizda shakllanmagan.
Ayrimlar farzandiga g‘pmxo‘rligini ko‘pchilikka namoyish qilishga moyil. Men «tanlovda g‘olib chiqsang, velosiped olib beraman», «o‘qishga kirsang, «Neksiya» kaliti – qo‘lingda» kabi va’dalarni nazarda tutyapman.
Yaqinda huzurimga bir ayol o‘g‘lini yetaklab keldi.
- Besh yil bo‘ldi diplom olganiga. Haligacha ishga kirolmayapti, adolat bormi o‘zi?! – nolidi onaxon.
- O‘g‘lingiz qayerda, qaysi mutaxassislikka o‘qigan?
- Bilmadim, jo‘ralari bilan Samarqandda o‘qidi. Jo‘ralari og‘aynilari orqali ishga joylashdi. O‘n marta portalga yozdim, natija yo‘q. O‘g‘lingizni qayta o‘qitish kerak, deyishyapti.
Yigit bilan suhbatlashaman. Menejerlik mutaxassisiga o‘qigan ekan. Jo‘ralari bilan ishxonada ishlaganini, amaliyotda qatnashmaganini ham aytdi. Kasbi bo‘yicha o‘zim bilgan narsalarni so‘radim – javob yo‘q. Ochig‘i, o‘g‘linining qayerda o‘qiganini ham bilmaydigan onaning «kuyunchakligi»dan dilim og‘ridi.
Farzandni uylantirib, turmushga uzatib, uni mustaqil hayotga yo‘lladim, deb maqtanamiz. To‘yini falon restoranda o‘tkazamiz, falonchi xonandani olib kelamiz. Shunaqa rasmlar albomi, videoroliklar qilamizki, go‘yo hayot shu bilan tugagandek. Unda statistik ma’lumotlarda keltirilganidek, 2021 yilning 6 oyi davomida Samarqand viloyatida 13,3 mingta nikoh tuzilgan bo‘lsa, 2 mingta ajralish ro‘yxatga olinganini, shuncha oila buzilganini qanday izohlaymiz?
«Aldagani bola yaxshi». Bu naqlning davomi ham bor. «Aldangan bola ulg‘aygach, Sizni ham aldaydi». Ana, ko‘ring, ba’zi yigit-qizlar ota-ona ko‘zini shamg‘alat qilib, «darsdaman», «repetitordaman» deb axloqsiz ishlar qilib yurganini har kuni televizorda ko‘rsatishyapti. Xo‘sh, bola yolg‘on aytishni Sizu bizdan o‘rganmaganmi?
Bolaga g‘amxo‘rlik uni yedirish, kiyintirish, erkalashgina emas, uning aqlu farosatli, ilmli, halol bo‘lishini ta’minlashdir.Uning kamchiligi sababini chetdan qidirib yurmang.
Barchaga farzand uchun "Otanga rahmat!" degan duoni eshitib yurish nasib etsin...
Farmon Toshev.