Gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangan "zapravka" fosh etildi
Kunlar sovigach, yurtdoshlarimizning isitish manbalariga bo‘lgan ehtiyoji keskin ortishi hisobiga ayrim chekka hududlarga tabiiy yoki suyultirilgan gaz muntazam yetib bormay qolishi, oqibatda yuzlab oilalar isitish tarmog‘idan uzilib qolishi mumkin.
Bu kabi holatlarning oldini olish uchun esa mas’ul idora va tashkilotlar tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilib, barcha yurtdoshlarimizni tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlashga harakat qilinayotgan bir vaqtda ayrim “uchar”lar “O‘zingni bil, o‘zgaga tupur” qabilida ish tutmoqda. Ular qonunlarni mensimasdan, davlat resurslaridan noqonuniy foydalanishdan ham toymayapti.
Ana shunday “tadbirkor”lardan biri Bulung‘ur tumanidagi Yangiariq mahallasida joylashgan “Yevro Sam invest” MChJga qarashli AGTKSh bo‘lib, ular belgilangan cheklovdan tashqari o‘zboshimchalik bilan hisoblagichga o‘rnatilgan "plomba"ni uzib foydalangan. Vaholanki, "zapravka" oldindan 155,6 mln so‘m miqdorida qarzdorligi mavjud bo‘lganligi aniqlanib, tegishli tartibda tarmoqdan uzilgan.
Qiziq, moddiy manfaat desa, vijdonini ham pullab yuborishdan toymaydigan bu kabi kimsalarning biri ikki bo‘lmasligi, halol luqma topish o‘rniga davlatning va bu orqali butun xalqning haqiga xiyonat qilishning oxiri ijobiy yakunlanmasligini nahot o‘ylab ko‘rishmaydi. Nahot, nafs ko‘zlarini ko‘r qilganlarning taqdiri ham o‘rnak bo‘lmasa ularga?!