Gaz yo‘q, svet tez-tez o‘chadi, xonadonlardagi pechka ko‘mir yoqishga mo‘ljallanmagan...

Havo sovushi sezilayotgan ayni kunlarda @zarafshonbot manzilimizga kommunal xizmatlar bilan bog‘liq bir qator murojaatlar kelib tushyapti.

Jumladan, Oqdaryo tumani To‘rtayg‘ir mahallasida yashovchi Y.Rahimqulov ushbu mahalla va unga tutash qishloqlarda oxirgi bir hafta davomida elektr energiyasidan uzilishlar kuzatilayotganini yozgan.

"Asosan kechki payt aynan elektrga ehtiyoj ko‘payganda, «o‘ynab» qoladi, - deydi u. - Uyimizda yosh bolalar bor, kechasi sovqotib chiqyapti. Negaki, mahallamizda tabiiy gaz yo‘q, hech bo‘lmasa, kechasi uyni isitish uchun elektr toki berilsa yaxshi bo‘lardi".

***

Past Darg‘om tumani Sazag‘on mahallasi raisi To‘lqin Berdimurodovning murojaati ham kishini o‘yga toldiradi:

"Mahallamizda 2,5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Tuman markazida joylashgan mahalladagi 360 ta xonadonning 15 foizi tabiiy gaz bilan ta’minlangan, xolos. Qolganlari majburiy tarzda ballonli gazga o‘tkazilgan.

Mahallamizga ancha yillar avval elektr simlari tortilgan. Shuncha vaqtdan beri na simlari, na ustunlari yangilandi. Elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘lmasa-da, har yili sovuq kunlar boshlandi deguncha transformator bosimni ko‘tara olmay qoladi. Ayrim simyog‘ochlar ham o‘z muddatini o‘tab bo‘lgan. Sal shamol bo‘lsa, qimirlab simlar uzila boshlaydi.

Mahallamizdagi transformator o‘rnatilganiga naqd 60 yildan oshgan. Joriy yil dastur asosida 250 quvvatga ega yangi transformator, 50 ga yaqin beton ustunlar, shuningdek, 1,5 ming metr yopiq kabel tortib berishni va’da berishgan edi. Biroq hali ham ishlar boshlangani yo‘q. Bu haqda tuman hokimligiga, xalq qabulxonasiga, 3 sektor rahbariga, tuman elektr tarmoqlari idorasiga, qolaversa deputatlarga qilgan murojaatimiz natijasiz qolyapti.

Mahalla aholisi uchun ma’lum miqdorda ko‘mir ajratilgan. Biroq aholi uni olishni istamayapti. Chunki xonadonlardagi pechkalar ko‘mir bilan isitishga moslashtirilmagan. Muammolarimizni bartaraf etishda yordam so‘raymiz".

***

P/s: Hali sovuq kunlar boshlanmasidan shu kabi murojaatlar tushyaptimi, demak, qish "qilichini qayragan" kunlarda kommunal sohada uzilishlar bo‘lishi, aholi qiynalib qolishi mumkinligini tasavvur qilish qiyinmas.

Bu borada soha xodimlariga "Hali ham vaqt, imkoniyat bor, elektr, gaz, suv, issiqlik, ko‘mir ta’minotida mavjud muammolarni hal qilish choralarini ko‘ring", deb eslatmoqchimiz.

Fuqarolarga esa imkon qadar qish g‘amini yeyishni, shuningdek, kommunal sohada muammo tug‘ilsa, kuz-qish mavsumi uchun tuzilgan uzluksiz ishlovchi shtablarga telefon qilib, tezkorlik bilan holatni o‘nglanishiga ko‘maklashishni so‘raymiz.