Gender tenglikka erishish strategiyasi loyihasi davlat va nodavlat tashkilotlar bilan kelishilmoqda
Kecha, 16 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasining videokonferensaloqa tarzida yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Senati Raisi, Respublika Gender komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva olib borgan yig‘ilishda senatorlar, komissiya a’zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasining 2020 yil birinchi yarim yillikda amalga oshirgan ishlari, Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazining joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomidagi faoliyati diqqat-markazida bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, 2020 yilning yanvar-iyun oylari davomida Komissiya tomonidan gender tenglikni ta’minlash hamda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida bir qator ishlar olib borilgan. Jumladan, Qonun hujjatlari xotin-qizlarning mehnat va tadbirkorlik huquqlari kamsitilishiga oid standartlarga mosligi nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilindi.
Mamlakatimizda qabul qilinishi ko‘zda tutilgan har bir normativ-huquqiy hujjat loyihasining gender huquqiy ekspertizasidan o‘tkazilishi bo‘yicha Nizom Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi. Barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari tashkil etildi. Ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan “2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi” loyihasi ishlab chiqildi. Hozirda ushbu strategiya davlat va nodavlat tashkilotlari bilan kelishilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini oshirish borasida salmoqli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan ikki yil ichida xotin-qizlar safidan senator va deputatlar, vazir va idoralar rahbarlari, elchi va hokimlar chiqqanligi, ularning yuqori darajalarda qarorlar qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘layotganligidan dalolatdir.
Komissiya a’zolari xotin-qizlar bandligi masalalarini ham muhokama qilib, ushbu yo‘nalishda mamlakat Prezidenti tomonidan 14 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar doirasida bajariladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish murojaatiga javoban koronavirus pandemiyasi davrida komissiya va “NNTlar birlashmasi” bilan hamkorlikda “Ishonch telefoni”, “Telegram” ijtimoiy tarmog‘ida “Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q!” kanalining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Karantinni qanday o‘tkazyapmiz?” nomli videoroliklar tanlovi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, ular tomonidan tazyiq va zo‘ravonlik qurbonlariga yordam ko‘rsatishda ayrim muammo va kamchiliklar saqlanib qolinayotgani ham tanqidiy muhokama qilindi va ushbu markazlarining faoliyatini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish maqsadida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan xizmat turlarini aks ettiruvchi Standart operatsion choralarni ishlab chiqish bo‘yicha idoralararo ekspert ishchi guruhi tomonidan tuzilgan ish rejasi asosida ishlab chiqilgan hujjat taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Maktabgacha ta’lim, Sog‘liqni saqlash, Madaniyat, Adliya, Ichki ishlar, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari, qolaversa, O‘zMTRK va davlat tashkilotlari rahbarlari tomonidan tegishli takliflar bildirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati.