Gerbimizdagi Humo qushi, tog‘, daryo, quyosh nimani anglatadi?

Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgidir. Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan. Vatanning yorqin timsolidir.

Shu ramzlardan biri Davlat gerbidir. Gerb — bu bir davlatni boshqalardan ajratib turadigan nishoni, ramzi va timsolidir. Gerb qaysi davlatga tegishli bo‘lsa, o‘sha davlatning tarixiy an’analarini ifodalovchi ramziy ahamiyatga ega bo‘lgan tasvirlar yig‘indisidan iborat.

Davlatimiz gerbi 1992 yil 2 iyulda O‘zbekiston Respublikasining Oliy Kengashi tomonidan qabul qilingan qonun bilan tasdikdangan. Shu sabab, 2 iyul – O‘zbekiston fuqarolari uchun bayram sifatida qadrli va unutilmas kunlardan biriga aylangan.

Davlatimiz gerbida xalqimizning tarixi, buguni va kelajagi o‘z aksini topgan. Unda tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa milliy boyligimiz paxta chanoqlari qiyg‘os ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarakka o‘ralganligi hamda gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turishi aks ettirilgan.

Gerbning yuqori qismida hurligimizning ramzi sifatida sakkizburchak, uning ichki qismida yarim oy va yulduz, markazida afsonaviy Humo qushi tasvirlangan. Pastki qismida yurtimiz Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambarak tasmasiga “O‘zbekiston” deb yozib qo‘yilgan.

Biz uchun suyuk va buyuk ana shu zarrin tasvirdagi har bir chiziq, har bir rang, har bir belgida muayyan ramziy ma’nolar mujassam.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbida ranglar jilosiga ham alohida ahamiyat qaratilib, Humo qushi va daryolar — kumush rangida, quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va “O‘zbekiston” yozuvi — oltin rangida, g‘o‘za shoxlari va barglari, tog‘lar va vodiy — yashil rangda, chanoqlardagi paxta —oq rangda; lenta — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda, sakkizburchak — oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda, yarimoy va yulduzlar — oq rangda tasvirlangan.

Gerbda o‘z ifodasini topgan jannatmakon diyorimiz husn-tarovatiga ishora etuvchi manzaralardan tortib, daryo, bug‘doy boshog‘i, g‘o‘za va paxta chanoqlari xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yo‘lidagi orzu-umidlari ifodasi, quyosh, yarim oy, yulduz - jamiyatimiz jipsligi belgisi, shuningdek, omad, himmat, olijanoblik, erksevarlik va fidoyilik ramzi bo‘lgan afsonaviy Humo qushi — bularning barchasi millatimiz, xalqimiz hayoti, tarixi, ruhiyati va an’analari bilan chambarchas bog‘liq timsollardir.

Tog‘lar — yurtimiz ravnaqi, istiqlolimizni ta’minlash va xalqimiz farovonligi, ilmu fanimiz, yuksak madaniyatimiz yo‘lida zahmat chekib, mehnat qilgan, hattoki o‘zlarini fido qilgan va bu yo‘lda fidoyilikka tayyor insonlarning barhayotlik siymosidir.

Daryo — jahon tamadduni va ilmu fani rivojiga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shgan, matematika, tibbiyot, huquq, adabiyot, harbiy san’at, davlat boshqaruvi, islom ilmi va qolaversa ilm-fanning deyarli barcha aniq yo‘nalishlari buloqlarini ochgan buyuk ajdodlarimiz, ularning bebaho merosidan samarali foydalangan holda taraqqiyotimizga samarali hissa qo‘shayotgan olimu fuzalolar va ziyolilarning salohiyatlari timsoli sifatida gavdalanadi.

Quyosh – boy tarixga va yuksak madaniyatga ega ona xalqimizning qalbidagi mehr-oqibat, bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, bardavomlik, shuningdek, ko‘hna va navqiron zaminimizdagi to‘kin-sochinlik, obodonchilik, farovonlik ramziga o‘xshaydi.

Gerbimizda markaziy o‘rin tutuvchi afsonaviy Humo qushi ramzini xalqimiz azaldan davlat qushi sifatida tasavvur qilib kelgan. Zaminimizda necha ming yillar ilgari paydo bo‘lgan afsonalarda Humo go‘zal qush qiyofasidagi baxt, porloq taqdir va badavlatlik timsoli hisoblangan.

Davlat gerbi tasviri muhrlarda, jumladan bojxona xodimlarining shaxsiy muhrlarida va davlat idoralari, xususan bojxona organlarining maxsus bosma qog‘ozlarida, rasmiy nashrlarda, qog‘oz va tanga pullarda, qimmatli qog‘oz va obligatsiyalarda, fuqarolik pasportlari hamda qonunda belgilangan boshqa o‘rinlarda aks ettirilgan.

Bu o‘rinda Davlat gerbining bojxona organlaridagi ahamiyati ham beqiyosdir. Gerbimiz tasviri O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegaralaridagi chegara o‘tkazish punktlarida, chegaralarga o‘rnatilgan sarhad ustunlarda ham o‘rnatilgan.