Ginnesning eng g‘alati rekordlari
Iste’dodli yoki kuchli bo‘lmasa-da, boshqalar ulardan o‘zib ketmasligi uchun “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kirishga butun vujudi bilan berilib ketgan odamlar ko‘p. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ular kutilmagan har xil g‘oyalarni o‘ylab topishadi.
Bugun siz uchun Ginnesning eng g‘alati rekordlarini tanlab oldik. Biz uchun g‘ayrioddiy, boshqa davlatlarda esa oddiy hisoblanadigan rekordlarning o‘rnatilgani sizni hayron qoldirsa ajabmas.
Eng boy mushuk
1988 yilda yolg‘izlikda yashaydigan antiqa buyumlar sotuvchisi Ben Ri 25 million dollarini Bleki laqabli mushugiga meros qoldirdi. Hayoti davomida uning 15 ta mushugi bo‘lgan, biroq Bleki xo‘jayini hayotining so‘nggi kunlarini u bilan birga o‘tkazgani bois butun boylik unga o‘tdi. Ri o‘z boyligining katta qismini sevimli hayvoniga qarash bo‘yicha ko‘rsatmalar berib, uchta xayriya tashkilot o‘rtasida taqsimladi. Bleki esa “Eng boy merosxo‘r mushuk” sifatida “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kirdi.
Eng katta tish pastasi tyubiklari kolleksiyasi
Tish pastasi tyubiklarining eng katta kolleksiyasi AQShning Alfareta shahrida yashovchi Vel Kolpakovga tegishli. Ushbu rekord 2012 yilning 15 iyunida qayd etilgan. To‘plam butun dunyo bo‘ylab, jumladan, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Hindiston va Rossiyadan olingan namunalardagi 2037 xil tish pastasi tyubiklaridan iborat.
Vertolyot yordamida eng ko‘p ochilgan pivo idishlari
3 daqiqa davomida vertolyot parragi yordamida ochilgan pivo shishalarining umumiy soni 6 taga yetgan. Rekord Xitoyning Vencheng shahrida 2015 yilning 10 dekabrida Chjao Yang tomonidan “Ginneslar rekordlar kitobi”ga SSTV telekanalidagi "Guinness World Records Special" ko‘rsatuvini suratga olish paytida o‘rnatildi.
Zinadan boshda ko‘tarilish bo‘yicha shaxsiy rekord
Zinadan boshda pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilishning eng ko‘p soni 36 tani tashkil qiladi. Bu rekordni xitoylik Li Longlong 2015 yilda o‘rnatdi.
Haddan tashqari ko‘z soqqalarini do‘ppaytirish
Kim Gudman ko‘z soqqalarini ko‘z kosasidan 12 millimetrgacha bo‘rtib chiqarishi mumkin. Rekord 2007 yil 12 noyabrda Istanbulda qayd etilgan.
Elektr drelda osilgan odam tomonidan bir daqiqada qilingan eng ko‘p burilishlar
Xyu Giang elektr burg‘uga osilgan holda 148 marta burilishni amalga oshirdi. Rekord 2008 yil 23 dekabrda Ispaniyaning Madrid shahrida “Ginnesning rekordlar kitobi” teledasturi paytida o‘rnatildi.
Virtual dafn marosimida to‘plangan eng ko‘p odamlar soni
2005 yilning oktyabr oyida Snowly taxallusi bilan tanilgan xitoylik geymer (kompyuter o‘yinlari ustasi) qiz "World of Warcraft" ommaviy onlayn o‘yinini uch kun davomida tanaffussiz o‘ynaganidan so‘ng holdan toyib vafot etdi. Virtual dafn marosimi o‘tkazilgan o‘yin ichidagi soborda u bilan xayrlashish uchun 100 dan ortik geymer keldi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.