Goh piyoda, goh velosipedda kuniga 10 kilometr masofa bosadigan hamshira
Jomboy tumanining eng chekka hududida joylashgan Olmazor mahallasida 6 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Ularga birlamchi tibbiy yordam “Zarafshon” oilaviy shifokorlik punkti tomonidan ko‘rsatiladi.
- Mazkur tibbiy muassasamizda 25 nafar xodim faoliyat olib boradi, - deydi punkt mudiri Mavluda Abdullayeva. – Ularning 3 nafari xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullanadigan erkak kishi. Qolganlari tibbiy xodimlar bo‘lib, barchasi xotin-qizlardir. Patronaj hamshiralarning biri Matluba Norqulovaning jamoamizda alohida o‘rni bor. U oliy toifaga ega bilimli, malakali mutaxassis. Ayrim oliy ma’lumotli shifokorlardan qolishmaydi. Sababi, u bu punktga kelguncha bir qator tibbiyot muassasalarining turli bo‘limlarida mehnat qilgan va yetarlicha tajriba to‘plagan. Aholi dardini erinmay tinglaydi hamda ularni qiynayotgan muammolariga qarab, qaysi mutaxassisga uchrashish kerakligi haqida to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsata oladi. O‘ziga biriktirilgan hududda kimgadir birlamchi tibbiy yordam zarur bo‘lsa, kechani kecha, kunduzni kunduz, demay beminnat xizmat ko‘rsatadi.
Matluba Norqulova mahallaning Yettio‘g‘il qishlog‘i aholisiga xizmat ko‘rsatadi. Uni hududda yashovchi keksa-yu yosh birdek hurmat qiladi.
Maktabni tamomlaganimda kimyo va biologiya fanlaridan yaxshigina bilimga ega bo‘lganligim uchun ota-onam tibbiyot institutiga o‘qishga kirishimni tavsiya qilgandi, - deydi u. – Ammo men hamshira bo‘lishni orzu qilib, texnikumda o‘qishga qaror qilganman. Bundan afsuslanmayman ham. Asosiysi, ishsiz emasman. Oyligim ham yaxshigina. Jomboy tumaniga kelin bo‘lib tushganimdan beri bir necha tibbiyot muassasalarida ishladim. Mazkur punktda ish boshlaganimga esa 8 yil bo‘ldi. Bir necha bor tuman va viloyat hokimligi tomonidan taqdirlanganman. 2016 yilda menga velosiped sovg‘a qilingandi. Oilaviy shifokorlik punkti bilan men xizmat ko‘rsatadigan qishloq orasidagi masofa 3-4 kilometrni tashkil etadi. Ba’zida piyoda, ba’zida velosipedda kuniga 10 kilometrcha masofa bosaman. Harakatlanib turishning salomatlik uchun ham foydasi katta. Bu bilan aholiga o‘rnak ham bo‘lamiz.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV,
Feruza MAMATQULOVA.