Har bir kun quvonchdan bo‘lsa bir varaq - bu sening baxtingdir
Mardi Nuriddinov 1936 yilning 10 yanvarida Kattaqo‘rg‘on tumanining Yangiqo‘rg‘oncha qishlog‘ida tug‘ilgan. 1986-1992 yillarda "Zarafshon" gazetasida bosh muharrir bo‘lgan.
Mardi Nuriddinov Samarqand davlat pedagogika institutining til va adabiyot fakultetida tahsil olgan. So‘ngra xabar, maqola va badiiy ijodi bilan viloyat, respublika gazetalarida ko‘rina boshladi.
O‘tgan asrning 60-yillarida tumanlar qishloq xo‘jalik boshqarmalari tuzilishi munosabati bilan Kattaqo‘rg‘onda «Zarafshon» tumanlararo gazetasi ta’sis etildi. Tahririyat muharriri Mardi Nuriddinovni gazetaga ishga taklif etdi. U adabiy xodim, bo‘lim mudiri, mas’ul kotib vazifalarida xizmat qildi.
Qalami qayralib qolgan Mardi Nuriddinov viloyat «Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») gazetasiga ishga taklif etildi. U viloyatning bosh nashrida mas’ul kotib o‘rinbosari, targ‘ibot bo‘limi mudiri vazifalarida xizmat qildi.
1973 yili M.Nuriddinov ilmiy ish ham himoya qildi. Keyinchalik viloyat partiya qo‘mitasida yo‘riqchi, viloyat radio va televideniye qo‘mitasi raisi, «Lenin yo‘li» gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi lavozimlarida ishladi.
Ijodkorning «Zarafshon jilolari», «Miyonqol ohanglari», «So‘lmagan gullar», «Chamanzor atri» kabi she’riy to‘plamlari, «Qindan chiqqan qilich», «Muqanna yoki adashganlar fojiasi» tarixiy qissalari kitob javonlaridan joy olgan.
Mardi Nuriddinov ko‘p yillar Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi bo‘lib ishladi. 2015 yilda vafot etdi.
***
Shukrona ayt
Agar o‘z ovuling qadr etsa seni,
«O‘g‘lim» desa sevib, boshingni silab.
Uying mo‘risidan chiqsa tutuni,
Hovlingda bolalar chopsa do‘mbillab –
Bu sening baxtingdir, beqiyos baxting.
Otang qo‘lni ochsa duoga mudom,
Munis onang yopsa issiqqina non,
Ta’zim etsa kelin, ul qutlug‘ qadam,
Qaynab tursa tinmay ro‘zg‘orda qozon,
Bu sening baxtingdir, beqiyos baxting.
Bog‘ingda bahorda yashnasa daraxt,
Ariqda tiniq suv oqsa sharqirab,
Har bir kun quvonchdan bo‘lsa bir varaq,
Shodlikdan ko‘zdan yosh chiqsa tirqirab,
Bu sening baxtingdir, beqiyos baxting.
Shukrona aylagil oliy taqdirga,
E’zozla har bosgan qadaming dur deb,
Behuda otingni burma o‘r-qirga,
Umr oti juganin ketmasin uzib,
Bu, bilsang baxtingdir, beqiyos baxting.
Ozod yurtni bo‘lurmi sevmay?
Xushbo‘y sabo yelar bog‘larda sokin,
Tengsiz go‘zallikka cho‘milar to‘ymay.
Shivirlab kuylaydi misoli oqin,
Yurtim javolidan zavqlanar to‘ymay.
Bu shunday bir yurtki, quyoshga tutash,
Nur chaqnar vohayu vodiylarida.
Odamlar qalbi ham lovullar – otash,
Quyoshning nuri bor orzularida.
Ikki ulug‘ daryo yurtim sochlari,
Qon tomir singari oqar bag‘rida,
Bog‘larin o‘padi keng qulochlari,
Gulchechak ko‘kartib yerning qa’rida.
Paxta o‘sar yashnab, shovullar bug‘doy,
Dalalari erur ochildasturxon:
Noz-ne’mat yaratgan bog‘larda bog‘bon,
Olmalar naqshinkor, anorlar cho‘g‘day.
Sabolar kuylashar yurtim jamolin,
Shirin qo‘shig‘ini tinglayman to‘ymay.
Kuylatar shavq ila yurtim kamolin,
Ayting, ozod yurtni bo‘lurmi suymay?!
Akram Haydarov.