“Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” dasturi joriy etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 fevralda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan boshlab “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” dasturi joriy etiladi.

Shuningdek, 2024 yil 1 martdan boshlab alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, iste’dodli va iqtidorli yoshlar Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi qarori bilan «Yoshlar balansi» asosida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktiriladi.

Bunda mazkur rahbarlar:

- har oyda kamida bir marotaba o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashib borishi;

- o‘zlariga biriktirilgan yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun tegishli tashkilotning byudjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan zarur mablag‘larni Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib asosida yo‘naltirishga ruxsat etiladi.