Har kim, har bir tashkilot to‘lov madaniyatiga amal qilishni avvalo, o‘zidan boshlashi kerak

Joriy yilning 28 fevral kuni Zarnews.uz saytida bloger Karimberdi To‘ramurodovning «MIB, “elektroset” liftimizni ulab bermayapti» sarlavhasi ostida tanqidiy maqolasi e’lon qilindi.

Maqolada bloger his-hayajonga berilgan holda o‘zi yashayotgan uyning kirish yo‘lagidagi liftni MIB xodimlari asossiz o‘chirib qo‘ygani haqida yozilgan. Jumladan, uni 5 kun sarson-sargardon qilganliklarini bayon etib, MIB va elektr ta’minoti korxonasi xodimlarining harakatlarini tanqid ostiga oladi.

Maqolada bayon qilingan MIB va elektr ta’minoti korxonasi xodimlari blogerni “sarson qilgan-qilmagani” holati o‘rganildi.

2017 yil 29 mayda Prezidentimizning «Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilinib, unga muvofiq kommunal sohadagi to‘lov intizomi va tartibi tubdan islohot qilindi. Farmon talablariga ko‘ra, yuridik shaxslar maqomidagi tashkilot va korxonalar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar iste’mol qilgan energiya resurslari uchun oldindan 100 foizlik haq to‘lash belgilangan.

Maqola muallifi Karimberdi To‘ramurodov yashovchi xonadonga xizmat ko‘rsatuvchi «Musheg kommunal servis» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tasarrufida 15 ta ko‘p qavatli uylar mavjud bo‘lib, umumiy foydalanishdagi ob’yektlar, shu jumladan, liftlarga sarflanadigan elektr energiyasi va boshqa kommunal xizmatlar uchun shirkat yuridik shaxs sifatida oldindan 100 foizlik to‘lovni amalga oshirib borishi shart. Har bir liftga markazlashtirilgan, ASKUE tizimiga ulangan zamonaviy elektron hisoblagichlar o‘rnatilgan. Shu jumladan, muallif ko‘rsatgan liftga 2019 yil 13 noyabr kuni xuddi shunday hisoblagich o‘rnatilib, u abonent (iste’molchi) sifatida 05K190 raqami ostida «Elektr hisob» dasturiga kiritilgan.

«Musheg kommunal servis» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati har oyning 1 sanasigacha to‘lovni amalga oshirishi lozim edi. Ammo belgilangan muddatdan 25 kun o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan, lift uchun sarflangan elektr energiyasi uchun to‘lovni amalga oshirmasdan kelgan. Shu bois 2020 yil 25 fevral holatiga mazkur ob’yektda 2 million 384 ming 884 so‘mlik qarzdorlik yuzaga kelgan va belgilangan tartibga ko‘ra, «Elektr hisob» dasturi orqali o‘chirilgan.

Shundan so‘ng shirkat 2020 yil 26 fevral kuni 1 million so‘m, 27 fevral kuni yana 2 million so‘m to‘lovni amalga oshirib, 28 fevralda bankning tasdiqlovchi hujjati, ya’ni to‘lov pattasini Samarqand shahar «Elektrsotish» korxonasiga taqdim qilgan. Shu kunning o‘zida maqolada keltirilgan lift elektr tarmog‘iga qayta ulangan.

Bundan kelib chiqadiki, maqola muallifi MIB xodimlari yoki elektr ta’minoti korxonasi xodimlarining aybi bilan emas, balki «Musheg kommunal servis» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati mutasaddi xodimlarining mas’uliyatsizligi tufayli 3 kun “sarson” bo‘lgan.

Misol tariqasida aytish joiz, birgina 2020 yil 25 fevralning o‘zida lift bilan bog‘liq 538,8 million so‘mlik qarzdorlik mavjudligi aniqlangan. Ushbu qarzdorlik yuzasidan 324 ta yuridik tashkilotlarning tegishli ob’yektlari dastur orqali masofada turib o‘chirilgan. Chunonchi, bu Prezidentimiz farmonida MIB xodimlari hamda elektr ta’minoti tizimi xodimlari zimmasiga yuklatilgan vazifa.

Majburiy ijro byurosi vakolatlari doirasida qarzdorlardan undirilayotgan pul mablag‘lari byudjetimizning salmoqli hissasini tashkil etib, bu pensiyalar, o‘qituvchi va shifokorlarning oyligiga, boshqa ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladigan mablag‘lardir.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.