1 maydan korxona va tashkilotlar pensiya, uy-joy kommunal to‘lovlari hamda un va non kompensatsiyasi uchun Pensiya jamg‘armasiga talabnoma taqdim etmaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 2020 yil 1 maydan boshlab barcha ishlovchi pensionerlar (Davlat byudjeti hisobidan pensiya oluvchi shaxslardan tashqari)ga pensiyalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi orqali to‘lanishi belgilandi.

Mazkur Farmon hamda O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus Komissiyasining 2020 yil 13 apreldagi 18-son qo‘shma yig‘ilish qaroriga muvofiq 2020 yil may oyidan boshlab respublikadagi epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar barcha fuqarolarning pensiya va nafaqalari to‘liqligicha bank plastik kartalariga o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Bunda, fuqarolarga bank plastik kartalari AT “Xalq banki” va boshqa tijorat banklari filiallari orqali ochiladi hamda yetkaziladi.

Joriy yil may oyida barcha ishlovchi pensionerlarga pensiya to‘lovlari aprel va may oylari uchun bir yo‘la ularga Xalq banki va boshqa tijorat banklarida ochilgan bank plastik kartalariga yuklab berish orqali to‘lanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 oktyabrdagi 866-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2010 yil 30 dekabrda ro‘yhatga olingan 2175-son Nizomga muvofiq, kompensatsiyalar pensiya (nafaqa) olish joyida to‘lanishi belgilangan.

Shu munosabat bilan, 2020 yil 1 may sanasidan boshlab korxona va tashkilotlar tomonidan ishlovchi pensionerlarga pensiya, uy-joy kommunal to‘lovlari hamda un va non kompensatsiyasi uchun Pensiya jamg‘armasiga talabnoma taqdim etilmasligini ma’lum qilamiz.

Korxona va tashkilotlar tomonidan quyidagi to‘lovlar uchun talabnoma taqdim etilishi mumkin:

- bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik (suyunchi) nafaqa;

- vafoti munosabati bilan dafn nafaqasi;

- 16 yoshgacha nogiron bolalarning ota-onalariga qo‘shimcha dam olish kunlari haqining to‘lanishi uchun;

- pensiya yoshiga yetmagan, biroq uy-joy kommunal to‘lovlari bo‘yicha kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘lganlarga kompensatsiya.

Shuhrat TOJIDDINOV,

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Samarkand shahar bo‘limi boshlig‘i.