“Imtiyozlar bugungi kunda Pensiya jamg‘armasining vakolatida emas”: Murojaatga javoban imtiyozlar bo‘yicha qaysi tashkilotlar shug‘ullanishi ma’lum qilindi

Yaqinda saytimizda “Viloyat sog‘liqni saqlash va pensiya jamg‘armasi boshqarmalari e’tiboriga: Qariyalarga hech qanday imtiyoz yo‘qmi?” sarlavhasi bilan Payariq tumanida yashovchi Turdi Tursunovning murojaati e’lon qilingan edi.

Maqola yuzasidan Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi o‘z munosabatini bildirdi.

Unda Pensiya jamg‘armasi vazifalariga “pensionerlarga biror bir turdagi imtiyozlar qo‘llanilishi vazifasi” yuklatilmagani ma’lum qilingan va fuqaro murojaatida so‘ralgan masalalar bilan shug‘ullanuvchi organlar to‘g‘risida tushuncha berilgan.

“Prezidentning 2009 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tashkiliy tuzilmasini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Jamg‘armaning tashkiliy tuzilmalari tasdiqlangan.
Tashkilot zimmasiga qo‘shimcha ravishda quyidagi asosiy vazifa va funksiyalar yuklangan:

- fuqarolarning davlat pensiya ta’minotini tashkil qilish, fuqarolarga pensiya, ijtimoiy nafaqa, kompensatsiya va boshqa to‘lovlarni tayinlash, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda pensiya hamda boshqa to‘lovlarning miqdorini qayta hisoblab chiqilishini ta’minlash;
- pensiya hamda boshqa to‘lovlarni to‘liq hajmda moliyalashtirish va to‘lanishini tashkil qilish, ular bo‘yicha hisobotni yuritish;
- pensiyalar tayinlanishi va qayta hisoblab chiqilishini tizimli asosda doimiy tahlil qilish va monitoringini olib borish, fuqarolarning pensiya ta’minotiga yo‘naltiriladigan mablag‘lardan qat’iyan maqsadli foydalanilishini ta’minlash;
- mehnat mayibligi yoki kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik bo‘yicha tayinlangan pensiyalarni to‘lashga mablag‘larni da’volar bo‘yicha aybdor yuridik va jismoniy shaxslardan belgilangan tartibda undirib olishni tashkil qilish;
- tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmati faoliyatini tashkil etish.

Farmonda belgilanganidan ko‘rinib turibdiki Pensiya jamg‘armasi vazifalariga pensionerlarga biror bir turdagi imtiyozlar qo‘llanilishi vazifasi yuklatilmagan.

Pensionerlarga imtiyozlar berilishi, sihatgohlarga dam olishlari uchun yo‘llanmalar bilan ta’minlanishi, qo‘ltiqtayoq, nogironlik aravachalari bilan ta’minlash va boshqa imtiyozlar qo‘llanilishi masalalari dastlab Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga, keyinchalik Sog‘liqni saqlash vazirligiga, 2021 yil iyun oyidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligiga yuklatilgan. Yuqoridagilarga asosan pensionerlarga bir turdagi “imtiyozlar”ni qo‘llash (berish) Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jag‘armasi vakolatiga kirmasligini bildiramiz.

Qo‘shimcha shuni ma’lum qilamizki, Payariq tumani, “Istiqlol” MFYda yashovchi Tursunova-Tashnazarova Halima (nikohdan so‘ng Tursunova), 5 may 1938 yil tug‘ilgan, dastlab 1992 yilda yoshga doir pensiya tayinlab berilgan, keyinchalik 2002 yil 12 dekabrdan nogironlik pensiyasi qayta hisob-kitob qilib berilgan.

Uning pensiya miqdori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bir qator Farmonlariga asosan bosqichma-bosqich oshirilib kelingan, shu jumladan, 2022 yil 28 apreldagi PF-128-sonli farmoniga asosan qayta hisoblanib, joriy yilning may oyidan boshlab 698000 so‘mga oshirib berilgan.

Bunda uning ish staji 28 yil, o‘rtacha oylik ish haqi 645026 so‘mni tashkil qilib, pensiya miqdori 698 000 so‘mga yetkazilgan. Ushbu pensiya amaldagi qonun va qonun osti hujjatlariga muvofiq to‘g‘ri hisob-kitob qilingan bo‘lib, uni oshirish imkoniyati mavjud emas.
Ushbular ma’lumot sifatida kiritilmoqda”, deyiladi munosabatda.

TAHRIRIYaTDAN: Bildikki, fuqaro o‘z munosabatida tilga olingan masalalar bilan Pensiya jamg‘armasi shug‘ullanmas ekan. Shunday bo‘lsa-da jamg‘arma fuqaro qayerga murojaat qilishi yuzasidan OAV orqali batafsil tushuncha berishni lozim topdi. Ammo ko‘tarilgan masalaga bevosita aloqador bo‘lgan tashkilotlar-chi? Ular holatni o‘rganib ko‘rarmikan?