Samarqand shahar pensiya jamg‘armasi eski joyiga qaytdi

Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi 2022 yil davomida bir necha manzillarga ko‘chdi va bu aholi uchun ko‘plab noqulayliklar tug‘dirdi. Bu haqda saytimizda tanqidiy maqola ham bergandik.

Ana shu ovoragarchiliklardan so‘ng bo‘lim yana o‘zining oldingi binosi – shu paytgacha Prezidentning viloyatdagi Xalq qabulxonasi faoliyat ko‘rsatayotgan Samarqand shahar, Dahbed ko‘chasi 32-uy (sobiq Siyob tuman hokimligi binosi)ga qaytdi. Yanayam aniqrog‘i, binoning chap tomonidagi "Biznes-ombudsman" idorasi yonidan joy oldi.

Pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi birlashgan kasaba uyushmasi raisi A.Rahimovning zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, bugungi kunda byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi hisobida 50613 nafar yoshga doir pensiya oluvchilar, 6315 nafar nogironlik pensiyasi va 3273 nafar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi hamda 7023 nafar ijtimoiy nafaqa oluvchi fuqarolar mavjud.