Pensiya jamg‘armasiga elektron shaklda murojaat qilish mumkinmi?

Bugungi kunda 3 777 631 nafar pensiya va nafaqa oluvchilar mavjud bo‘lib, mamlakat aholisining 11 foizi davlat pensiya ta’minoti bilan ta’minlangan.

Pensiya jamg‘armasining “11-40” ishonch telefoniga kun davomida 100 nafardan ortiq fuqarolar savol, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilishidan pensiya ta’minoti jamiyat uchun hamisha qiziqarli va dolzarb sohalarning biri, deb aytish mumkin. 

Mamlakatimizda aholining sanitariya-epidemiyalogik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida karantin talablaridan kelib chiqqan holda, hozirda fuqarolar Pensiya jamg‘armasining hududiy boshqarmalari, tuman va shahar bo‘limlariga tashrifidan ko‘ra, telefon orqali yoki elektron shaklda murojaat qilishlari maqsadga muvofiq.

Shu kunga qadar fuqarolardan elektron murojaatlar jamg‘armaning elektron pochtasi - pension_uz@pfca.mf.uz orqali qabul qilinib kelinayotgan bo‘lsa, endilikda murojaat qilishning yanada qulay imkoni yaratildi. Ya’ni, jamg‘armaning “telegram” kanali - t.me/PensionFundRUz ga a’zo bo‘lib, kanalning muhokama (Obsudit yoki Discuss) qismiga o‘tilib, guruh orqali savollarni yo‘llash mumkin. Har bir savolga mutaxassislar tomonidan o‘z vaqtida, ish kunlari davomida javoblar berilishi Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparati tomonidan nazorat qilib boriladi.

Fuqarolar esa savollarni yo‘llashda ism-sharifi, doimiy yashash manzili, aloqa uchun telefon raqami, murojaatning qisqacha mazmunini yozishlari lozim.

Shuningdek, fuqarolarning yashash manzillari bo‘yicha ham hududiy kanallar joriy qilingan bo‘lib, ularga kelib tushayotgan savollarga ham mutaxassislar tomonidan javoblar berilmoqda.