Harbiy sudlarda nima o‘zgaradi?

So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Xususan, harbiy sud tizimida ham bir qator islohotlar amalga oshirildi.

Bu borada harbiy sud sudyalarining shtat birliklari Qurolli Kuchlari tarkibidan Oliy sud tizimiga o‘tkazilishini qayd etish o‘rinli. Vaholanki, ilgari harbiy sudyalarning Mudofaa vazirligi shtatiga kiritilgan bo‘lganligi uchun ushbu vazirlik ijro hokimiyati organi hisoblanishi tufayli sud hokimiyati ijro organi tarkibiy bo‘linmasiga aylanib qolgandi.

Prezidentimizning 2017 yil 21 fevral kungi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Harbiy sud, okrug va hududiy harbiy sudlarning 159 ta shtat birligi qisqartirilib, Harbiy sudning qo‘riqlash vzvodi tugatildi. O‘z navbatida Oliy sud harbiy hay’ati, harbiy sud, okrug va hududiy harbiy sudlar shtat birliklari sudyalar va harbiy sudlar xodimlaridagi harbiy xizmatchilar huquqiy maqomi, shu jumladan, harbiy xizmatchilar uchun belgilangan huquq, imtiyoz va afzalliklar saqlanmagan holda Qurolli Kuchlari tarkibidan Oliy sud tizimiga o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi jinoyat-protsessual kodeksi 13-moddasining 5-qismida “Tegishli sud hay’atlarida apellyasiya, kassatsiya va nazorat tartibida ishlarni ko‘rish uch nafar sudyadan iborat tarkibda amalga oshiriladi” deb belgilangan.

Hozirgi kunda harbiy sudning sudyalar soni 5 tani tashkil etganligi bois Harbiy sudi tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni apellyasiya yoki kassatsiya tartibida hamda Harbiy sudi tomonidan ishlarni apellyasiya yoki kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqishlik uchun sudyalar soni kamligi (kvorum bo‘lmaganligi) sababli ko‘plab ishlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar yoki boshqa viloyat sudlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Bu esa jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning harbiy jinoyatlarga oid ishlarini ko‘rishda malakasi yo‘qligi, ularning umumharbiy nizomlar va davlat sirlariga oid qonun-hujjatlar hamda normativ-huquqiy hujjatlarning yetarli darajada bilmasliklari bois, ko‘plab sud qarorlari bekor bo‘lishi, fuqarolarning huquq va manfaatlariga putur etishiga olib kelayotgan edi.

Prezidentimizning 2020 yil 24 iyul kungi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq Harbiy sud tizimining tashkiliy-shtat tuzilmasida sudyalar soni 7 tani tashkil etishi ko‘zda tutilgan. Ya’ni, davlatimiz rahbarining farmoni bilan 2021 yil 1 yanvardan yuqorida bayon etilgan muammo bartaraf etilishi belgilab berildi.

Umuman, Prezidentimizning ushbu farmoni sudlar faoliyati va odil sudlovni amalga oshirish yo‘lidagi ulkan islohot bo‘ldi.

B.BABAKULOV,

Samarqand harbiy sudining raisi.