Harbiylik - ulug‘ kasb
Har yili Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida o‘zimning askarlik davrim esimga tushadi va negadir, o‘sha payt bilan hozirgisini taqqoslayman.
U vaqtlar balog‘at yoshiga yetgan yigit borki, harbiy xizmatga borardi. Agar mingdan biri sog‘lig‘i pand berib, bunday xizmatga noloyiq deb topilmasa, aksariyati harbiy qurilish qismlarida yigitlik burchini ado etardi.
Oliy ta’limdan keyin harbiy xizmatga chaqirilganim uchun yigitlik majburiyatimni havo mudofaasi qismida bajarishga to‘g‘ri kelgan. Orenburgda olti oy o‘qitib, Belorussiya harbiy okrugiga jo‘natishgan. Vaqti-vaqti bilan chalinadigan «trevoga» sadosini eshitib, o‘rmon ichida usti yopilgan tankka yugurardik. Uning ichida o‘rnatilgan monitorga tikilib, osmonda paydo bo‘lgan ob’yekt – nuqta kabi oq dog‘ harakatini soatlab kuzatardik. O‘shanda ekranda kuzatilgan samolyot – oq dog‘ yo‘qolib qolsa, bo‘lim boshlig‘imiz bo‘lgan ukrain mayori raketani boshqaradigan apparatlarni ta’mirlashga kirishib ketar, shunda men unga hazillashib, dushman samolyoti o‘tib ketdi, o‘rtoq komandir, deb qo‘yardim. Gapimga farishtalar omin degan ekanmi, darhaqiqat ma’lum vaqt o‘tib, belgiyalikmi, daniyalikmi, bir havaskor uchuvchi sport samolyotida chegaradan o‘tib, Moskvaning qizil maydoniga qo‘ngani haqidagi xabarni eshitgandik.
O‘zbekiston o‘zini suveren davlat deb e’lon qilganining oltinchi kuni, ya’ni 1991 yil 6 sentyabrda Mudofaa ishlari vazirligini tashkil etish to‘g‘risida farmon qabul qilindi. 1992 yil 14 yanvar kuni esa Respublika Oliy Kengashining “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida”gi qarori bilan mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy tuzilmalar mustaqil O‘zbekiston tasarrufiga o‘tkazildi. Bunday tarixiy qaror qabul qilingan kunning yuksak ahamiyati e’tiborga olinib, 1993 yilning 29 dekabrida 14 yanvar yurtimizda «Vatan himoyachilari kuni» deb e’lon qilindi.
Bugungi kunda milliy armiya safida xizmat qilish yoshlar uchun haqiqiy mardlik va jasurlik ishiga aylangan. Armiya ular uchun chinakam toblanish maktabi bo‘lmoqda. Yoshlar orasida harbiyda xizmatni o‘tashga bo‘lgan havas va ishtiyoqning tobora ortib borayotgani sababi ham shundan aslida.
Lekin muddatli harbiy xizmatga hamma yosh yigitlar ham olinavermaydi. Jismoniy tayyorgarlik ko‘rgan va intellektual salohiyatga ega bo‘lishdan tashqari, tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va o‘rta ta’lim maktabi doirasidagi bilimi talab darajasida bo‘lgan navqiron yigitlarga muddatli harbiy xizmatni o‘tashlari uchun yo‘llanma beriladi.
Davlatimiz tomonidan muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarga oliy o‘quv dargohlariga kirish uchun imtiyozlar berilgani yigitlarning ruhiyatini ko‘taribgina qolmay, ularning kelgusida mustaqil hayotda munosib o‘rinlarini topishlariga ham mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Ha, sho‘ro davridagi askarlikni hozirgisi bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Muhimi shundaki, farzandi armiyaga ketayotgan onalarning ko‘zida yosh, yuragida xavotir yo‘q. Aksincha, mening o‘g‘lim haqiqiy Vatan himoyachisi bo‘ldi, degan faxr tuyg‘usi bilan jigarbandlarini harbiy xizmatga kuzatmoqdalar.
Dunyoda kasblar ko‘p, harbiylik ular orasida eng ulug‘idir. Vatan himoyachisi hisoblangan harbiylarimiz nafaqat o‘zini, oilasini, balki xalqini, mamlakatini himoya qiladi. Bu — katta baxt, ulkan sharaf.
Xurshid NURULLAYeV.