Harbiy ma’muriy sektor rahbari okrugdagi harbiy qismlarda bo‘ldi
Samarqand viloyati hokimi, harbiy ma’muriy sektor rahbari Erkinjon Turdimov harbiy xizmatchilarni yashash sharoitlarini o‘rganish va muammoli masalalarga ijobiy yechim topish maqsadida Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizonidagi harbiy qism va muassasalarda bo‘ldi.
Okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Farrux Ziyabayevning hamrohligida o‘tgan o‘rganishlar davomida harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini oshirish, ularning xizmat faoliyatini olib borishi uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilash va oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari o‘rganib chiqildi.
Shuningdek, «Sazag‘on» dala-o‘quv maydonida yangicha usul va uslublarda jangovar mashg‘ulotlarni muntazam olib borish uchun qulay sharoitni yaratish masalalari o‘rganildi.
Bundan tashqari, Samarqand garnizonida joylashgan Qurolli Kuchlar kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida kichik mutaxassislarni har tomonlama salohiyatli va yuksak bilimga ega bo‘lishi uchun qulay imkoniyatlar va sharoitlarni yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.