Hayit - ibodat va shukrona, xursandchilik va shodlik kunlaridir

Boshimizda soya bo‘lib turgan, butun dunyo musulmonlari uchun shodlik, barakot, fayz oyi bo‘lgan Ramazon nihoyalab, Islom dinining eng katta bayramlardan biri – Iyd al-fitr – Ramazon hayiti yaqinlashmoqda.

Oylarning sultoni bo‘lmish Ramazon – Allohning rahmati va barakoti, fazilat va go‘zalliklarni o‘z ichiga jo aylagan, mehr-muruvvat oyidir. Bu oyda yuraklar yumshab, g‘uborlar ketadigan, jannat eshiklari ochilib, jahannam eshiklari berkitiladigan damlardir. Muborak oy yakuniga yetib,  Iyd al-fitr eshik qoqib turgan ekan, ushbu muborak kunda ota-onalarimiz, qarindosh-urug‘larimiz, yoru birodarlarimizni ziyorat qilish, bemorlar va ko‘ngli yarim kishilar holidan xabar olish, ularga moddiy va ruhiy tasalli berish ko‘p savobli amallardandir.

Muqaddas oyati karimada ta’kidlanganidek, “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”. Biz savobli ishlarni qancha ko‘p qilsak, mehr-oqibat ko‘rsatsak, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi, turli balo-ofatlardan, yomonliklardan asraydi,  yo‘limizni ochib beradi. Shunday ekan, ushbu muqaddas damlarning qadriga yetib, qilgan amallarimiz faqatgina yaxshilikdan iborat bo‘lsin.

Ramazon oyi oxirlar ekan, muhaddislarimiz rivoyat qilgan bir hadisi sharifni eslab, qalblarimiz shodlik va umidga to‘ladi:

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlari kechiriladi”, dedilar. Ular: “Ey Allohning Rasuli, u Qadr kechasimi?”, deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yo‘q, lekin ishchi ishini ado etganidan so‘ng ajri – haqi to‘la qilib beriladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyat qilgan).

Ramazon xayru saxovat oyidir. Oliyhimmat kishilarimiz bu oyda xayr-ehson amallarini yanada ko‘paytirishdi. Mo‘min-musulmonlar bir-birlariga ko‘mak berdilar, muhtojlarga yordam qo‘lini uzatdilar. Ushbu xayrli ishlardan imom-xatiblarimiz ham chetda turmadi. Bu yilgi Ramazonda Samarqand viloyatidagi imom-xatiblar saxovatpesha insonlar bilan hamkorlikda bir necha minglab ehtiyojmand oilalar, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga oziq-ovqat, kiyim-kechak kabi xayriyalarni yetkazishdi.

Mazkur xayriya davomida umimiy hisobda 1100 ta kam ta’minlangan oila, 849 nafar nogironligi bor, 659 nafar yetim bolalarga jami 157 million 300 ming so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, nogironligi bor 2 nafar fuqaroga nogironlik aravachalari ehson qilindi.

Hayit bayramlari barcha musulmonlar shodlik va xursandchilik izhor qiladigan kunlar hisoblanadi. Bu kunlarda mo‘minlar Alloh taologa bergan son-sanoqsiz ne’matlari uchun, shukrona sifatida sadaqai fitrlarni beradilar, hayit namozlarini ado etadilar.

Hayit bayrami kunlari – ibodat va shukrona kunlari, xursandchilik va shodlik kunlaridir. Bu – dunyo va oxirat yaxshiliklari jamlangan ulug‘ kunlar hisoblanadi. Hayit bayramida sayilgohlarga chiqish, qavmu-qarindoshlarni ziyorat qilish bilan bu kundagi umumiy xursandchiliklar doirasi kengayadi, ularga sovg‘alar ulashiladigan bo‘lsa o‘zaro mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanib shodu-xurramliklar yanada ziyoda bo‘ladi.

Musulmon kishi hayit kunlarida imkon qadar qavmu-qarindoshlarga, xususan, muhtojlarga xursandchilik ulashishga harakat qilishi maqsadga muvofiq.

Hayit bayrami jamiyat a’zolari orasidagi gina-adovatlar va turli ko‘ngilsizliklarni ketkazish hamda ular o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlash singari ezgu amallar sanasidir. Shunday ekan, bu muborak kunda bir-birimizni samimiy muborakbod etaylik. Birinchi navbatda, ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urug‘larimizni, yoru birodarlarimizni, bemorlarni yo‘qlaylik, ularning haqlariga duo qilaylik. Ayrim sabablar bilan o‘zaro arazlashgan gina-kuduratli kishilar ham bir-birlarini muborak bayram kunida kechirib, uzrlar aytib, bir-birlariga quchoq ochishlari lozim bo‘ladi. Bu kun barchaga quvonch ulashiladigan kundir.

Yana shuni yodda tutmog‘imiz lozim bo‘ladiki, hayit – bayram, uni azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik darkor. O‘tganlarni eslash, ularni ruhlarini shod etib duoyi xayrlar qilishimiz yaxshi amal hisoblanadi, lekin bular hayit bayramiga aslo ta’sir qilmasligi lozim.

Allohning rahmati va barakoti yog‘ilib turgan ushbu damda, qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilamizki, parvardigor, Ramazon hayitini barcha mo‘min-musulmonlar qatori bizlarga ham xayrli va barakotli qilsin. Yaratgan xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan asrasin.

Duolarimiz mustajob, murodlarimiz hosil va Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!

Zayniddin Eshonqulov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi.