Hayotga qaytish: Shifokorning ko‘rgan-kechirganlari (12-qism)

Oliy Majlisning qabulxonasida ham deputatlar bilan moxovlar to‘g‘risida suhbatlashdik. Qarang, bu yerdagilarning ham aksariyati moxov-pes degan so‘zlarning ma’nosini tushunishmas ekan. Salkam bir soatdan ortiq vaqt suhbat qildik. Lekin baribir ular menga qandaydir shubha bilan nazar solardi.

Xuddi boshqa dunyodan kelib qolgan odamday suhbatlashardi. Ulardan yoshrog‘i:

- Bu to‘g‘risida ko‘proq chiqish qilish kerak. Axir gazeta, jurnal, radio, televideniye bor-ku! – deb taklif berdi.

– Og‘ayni, siz katta dargohda o‘tiribsiz, avval ulardan ruxsat olib bering, keyin birgalikda chiqish qilamiz. Respublikamizda 34 mln. aholiga bitta moxov aniqlanmaydi. Ammo minglab vitiligo – pesga chalingan odamlar yuribdi. Ularning tanasi og‘rimaydi, nogironligi yo‘q, ishga yaroqli. Faqat terisida oq dog‘lari bor. Lekin ular bilan hech kim quda-anda bo‘lmaydi. Do‘st bo‘lish u yoqda tursin, yoniga ham yaqinlashmaydi. Ishga, armiyaga olishni gapirmasayam bo‘ladi. Axir ular kasal hisoblanmaydi, – dedim.

Elektron pochta orqali yaponiyalik delegatsiyaga ruxsat berdik, yaxshi kutib oling, deb menga ham javob berishdi. Bir hafta o‘tar-o‘tmasdan Yaponiyadan bir emas, o‘n kishi – 8 ta erkak, 2 ta ayol uchib kelishdi. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti xodimlari bilan birgalikda kutib oldik. Ayniqsa, tashkilot xodimlaridan biri Jamshid Gadoyev menda katta taassurot qoldirdi. U o‘zbekcha, ruscha, hatto ingliz tilida xuddi o‘zining ona tiliday gaplashardi. U ularga ham bizga ham tilmochlik qildi. Yaponiyalik tarjimon Jun ham bo‘sh kelmadi. Qarang, olti oy ichida o‘zbek va qoraqalpoq tilini o‘rganibdi. Avvaliga Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti ofisida uchrashuv bo‘ldi. Birinchi bor butun dunyo leprologlarini beg‘araz yordami bilan lol qoldirgan Sosokava bilan tanishdim. Qisqa tanishuvdan so‘ng O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Anvar Valiyevichning qabulida bo‘ldik. Vazir va uning muovini uchalamiz aylanma stolning bir tomonida, yaponiyalik mehmonlar va Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti xodimlari esa ikkinchi tomonida o‘tirishdi. O‘zbekistondagi va dunyodagi leprologiya xizmati to‘g‘risida fikr almashdik. So‘ngra Sosokava janoblari ertaga Qoraqalpog‘istondagi moxovxonaga borish uchun vazirdan ruxsat so‘radi. Anvar Valiyevich rozi ekanligini bildirdi. Uchrashuv nihoyasida mehmonlarga sovg‘a-salom ulashildi, Sosokava janoblariga vazir bilan birgalikda zar chopon kiydirdik. Ular ham bizga Yaponiyadan keltirilgan sovg‘alarini ulashishdi.

Ertasiga Nukus shahri mehmonlarni ochiq havosi bilan kutib oldi. Hammamiz mehmonxonaga joylashdik. Bir soatga qolar-qolmasdan ikki-uchta yengil mashina va mikroavtobusda Mo‘ynoqqa yo‘l oldik. Janob Sosokava juda kamgap ekan. U ko‘zlarini yumganicha yo‘l bo‘yi jim ketardi. Yarim yo‘lni yurib bo‘lganimizda sekin dedi: “Yapon askarlarining hujjatlarini saqlab yaxshi qilgansiz. Biz sizning bu olijanob ishingizni unutmaymiz”.

Tarjimon Jun esa gap orasida qoraqalpoqchani ham qo‘shib gapirardi. Lekin uning hamma so‘zlari tushunarli edi.

- Bu joylarda ilgari kasallik ko‘p bo‘lganmi? - deb mendan so‘radi.

- Ha.

- Moxovlar ko‘p bo‘lganmi?

- Yo‘q faqat ikkita bo‘lgan. Hozir bitta qolgan.

- Biz borayotgan joyda qancha bemorlar bor?

- 40 tadan sal ko‘proq.

- Bolalar orasida-chi?

- Umuman yo‘q.

Keyin u Jun bilan nimanidir o‘z tillarida gaplasha ketishdi. Tarjimon Jun hammasi yaxshi deganday bosh irg‘adi. So‘ngra mehmon yana ko‘zlarini yumdi-da jim ketdi.

Mana necha yildirki, aynan shu odam bemorlarni maxsus dori-darmonlar bilan ta’minlab kelmoqda. Yoshi bir joyga yetganda erinmasdan uzoq yo‘lga chiqqanligini o‘zi katta gap. Shu xayollar og‘ushida ketayotgan bir paytda orqa o‘rindiqda o‘tirgan Jun qoraqalpoq tilida gapirib qoldi.

Bu kishining otalari moxov bo‘lgan. “Bolam, agarda kuching yetsa, moxovga chalingan bemorlarga yordam ber. Ularning nolishiga yo‘l qo‘yma!” deb vasiyat qilgan. Shu-shu bu kishi otasining vasiyatiga amal qiladi. Topgan pullarining asosiy qismini bemorlar uchun sarf qiladi. O‘zi butun dunyoni aylanib chiqdi. Bu joydan chiqib, Tojikistonga boramiz. Sosokava fondi Jahonda eng samarali tibbiy ishlarni amalga oshirmoqda. U Yaponiyada eng boy insonlardan hisoblanadi.

Jun bilan suhbatimiz oxiriga yetmasdan Mo‘ynoq tumanining markaziga yetib keldik. Bizni oq xalatdagi shifokorlar, tuman faollari kutib oldi. Sosokava tarjimon orqali mendan moxovxona qayerdaligini so‘radi. Men esa yonimda turgan nafaqadagi keksa leprologga murojaat qildim. U kishi 40-50 metr narida do‘mpayib turgan beton qoldiqlarini ko‘rsatdi. Mehmon olomon orasidan asta ajralib chiqdida beton qoldiqlari tomon yurdi. Biz ham yurmoqchi edik, Jun to‘xtatdi. Sosokava quyoshga teskari holatda tiz cho‘kib o‘tirdi va 3-4 daqiqa nimanidir gapirib, tilak tilab o‘rnidan turdi. Bemor u yoqda tursin, hatto shu tepalikdagi aylanib o‘tadigan odamlar uchun bu kutilmagan hol edi. Hamma bir-birga jim qarardi.

Keyin mehmon tizzalarini sekin siypalab biz tomon keldi. Menga qarab “Tirik bemorlar qayerda?” deb so‘radi. Oqsoqol leprolog yonimizdagi poliklinikaga ishora qildi va saf tortib o‘tirgan bemorlarni ko‘rsatdi. Ular 9-10 ta edi, xolos. Yana hammasi bemor kampirlar edi. Sosokava bemorlarning barchasi bilan tiz cho‘kib salomlashdi. Yelkalarini qoqib hammasiga sovg‘a-salom ulashdi. Orqamizda yuzdan ortiq odamlar turardi. Tuman rahbarlari nima deyishini ham bilmasdi. Bemorlarning yoniga kelishidan esa tislanardi. Shu payt Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Otajon Karimovich mard, botir insonligini yana bir bor isbotladi. Keyinchalik biz u kishi bilan ko‘p bora uchrashdik.

Shu o‘rinda Janob Sosokavaning bemorlar uchun qilgan jonkuyarligi, insonparvarligi bir umr biz shifokorlar uchun dars bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi u moxovlarni ko‘rish uchun o‘zga yurtdan ming-ming kilometr bosib, kasalxonaning ta’miri va bemorlar uchun yetarlicha xarajatlar qildi. Odatda chet eldan ikki nafar sayohatchi kelib qolsa, mehmondo‘stligimizni bong urib maqtanamiz. Ammo bemorlarga moddiy yordami, o‘z iltifoti ila tanilgan inson haqida na gazeta, na radio, na televideniye lom-lim demadi. Shu o‘rinda yana bir gap. Giyohvandlar, OITSga chalinganlar, fohishalar, hatto o‘z farzandini tug‘ib keyin hojatxonaga tashlaganlar haqida tinimsiz eshittirishlar berilar, ammo moxov peslar to‘g‘risida hech gapirilmasdi.

Yoz kunlari edi. Markaziy telekanallarning birida boshlovchi jurnalist suhbatning orasida “Moxovga o‘xshab xo‘mrayib o‘tirmasdan o‘z vaqtida ish yuritsalaring bo‘lmaydimi” degan iborani ishlatdi. Uyalmasdan ekran orqali xalqqa murojaat qilyapti. 2-3 soat ichida shu jurnalistning ism-familiyasi va telefon nomerini topdim-da unga murojaat qildim. Avvaliga salomlashdik. Keyin sekin gap boshladim.

– Og‘ayni, men moxovxonadan turib sizga qo‘ng‘iroq qilyapman, aytingchi, moxovlar sizga nima yomonlik qildi. Hech kimga zarari tegmasdan kasalxonada jim yotgan bo‘lsa. Nega bizni haqorat qildingiz? Sizning bu gapingizni millionlab xalq tinglaydi-ku. Shundan so‘ng u mendan kechirim so‘ragan kishi bo‘ldi.

Kunlarning birida Mels og‘aynim qo‘ng‘iroq qilib qoldi:

- Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan elektron tarzda xat keldi. Dunyoning bosh leprologi doktor Norden O‘zbekistonga kelmoqchi ekan. Shunga nima deysiz?

- Ayni muddao. Doktor Norden bilan avval Hindistonnning Agra, keyin esa Haydarobod shaharlarida uchrashganmiz. Shunda u qiziqib bir nechta savollar bilan menga murojaat qilgandi: “Sizlarda moxovxonalarga ketadigan xarajatlarni kim to‘laydi? Bemorlarning kasalxonada qancha yotishini kim belgilaydi?” Shunga o‘xshash savollar. Men hamma xarajatlar davlat tomonidan qoplanishini, bemorlarning yotishini esa davolovchi shifokor belgilashini aytganman. U bunday masalalarga davlatimiz juda e’tiborliligini alohida ta’kidlagandi.

Mehmonlarning kelishi qishning sovuq kunlariga to‘g‘ri keldi. Ular aeroport eshigidan tashqariga chiqqanlarida ko‘chada rosa qor-bo‘ron ko‘tarilgandi. Doktor Nordenni shu zahoti tanidim. U bilan so‘rashgach, u yonidagi odamni doktor Volter deb tanishtirdi. Odatdagidek avval vazirlikka tashrif buyurdik. Bizni vazirning birinchi muovini qabul qildi. Suhbatimiz uzoq cho‘zilmadi. To‘g‘risi moxovlar haqida gapirishni hamma ham xushlamas edi.

Mehmonlarni shaharning qoq markazidagi “O‘zbekiston” mehmonxonasiga joylashtirdim va kechqurun uyimga taklif qildim. Kechqurungi mehmondorchilikka er-xotin rosa tayyorgarlik ko‘rdik. Baxtimizga tushdan keyin qor ham tindi. Ikkala mehmon sovuqdan tirishib qolibdi. Qarang ular Markaziy Osiyoda bunaqa qor bo‘ladi, deb hech o‘ylamagan ekan. Ularga darrov issiq choy quydik. Toshkentning yumshoq nonlaridan ushatdik. Ammo bironta ham go‘shtli taomlarga qarashmadi. Keyin miyamga urdi. Ularning vegeteryanligi esimga tushib qoldi. Biroq shirmoy, mazali ho‘l mevalarni, chaq-chuqlar iste’molini kanda qilishmadi.

Reja asosida ertasi kuni har ikkala mehmon shifokorlar uchun institutning katta zalida ma’ruza o‘qidi. Ayniqsa, doktor Nordenning “Moxov kasalligi bo‘yicha dunyodagi epidemiologik ahvol” nomli ma’ruzasi hammani lol qoldirdi. Juda ko‘pchilik qatori mahalliy professorlar ham unga o‘zining minnatdorchiligini bildirdi. Ertasiga ikkita mehmonni olib poyezdda go‘zal, navqiron Samarqand tomon yo‘l oldik.

Dunyo miqyosidagi olim va tashkilotchilarning O‘zbekistonga tashrifi leprologiya sohasida mahalliy dermatovenerolog mutaxassislar orasida katta burilish yasadi. Ayniqsa, doktor Nordenning “Respublikangiz aholisi orasida moxov kasalligining allaqachon jilovlanganligi va sporadik holatga tushirilganligi, O‘zbekistonning o‘ttiz milliondan ortiq aholisi orasidan yiliga bittayam bemorning aniqlanmasligi, uning eliminatsiya qilinganligi -  bu sizlarning katta yutuqlaringizdan dalolat beradi”, degan so‘zlari ochig‘i, menga kuch-madad berdi. Endilikda vazirlik deysizmi, ilmiy kengashlardami bu soha bo‘yicha bemalol gapiradigan bo‘ldim. Xalqaro yoki Respublika miqyosidagi infeksiya, epidemiologiya, mikrobiologiya, dermatologiya va sog‘liqni saqlashni tashkillashtirish borasidagi ilmiy anjumanlar va kongresslar mening ishtirokimsiz o‘tmaydigan bo‘lib qoldi. “Endi ular borsa-kelmasga jo‘natilmaydi” degan ilmiy ommabop kitobning ming nusxada chop etilishi esa oddiy xalq orasida kirib borishimizga imkon yaratdi. Kitobni faqatgina dermatovenerologlar emas, balki oddiy insonlar dastur sifatida o‘qiy boshladi. Oradan uch yil o‘tmasdan ikkinchi “Ganzen tayoqchalarining qurbonlari” nomli kitobim rus tilida chop etildi. Uni Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Ukrainalik hamkasblarim katta qiziqish bilan o‘qishdi va bu ularda yaxshi taassurot qoldirilganligini bildirishdi. Men esa  kitoblarimni do‘stlarimga, o‘zim tahsil olgan maktab hamda tibbiyot institutining kutubxonalariga sovg‘a qildim.

Qisqa vaqt ichida birin-ketin ikkita shogirdim ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilishdi. Biri Xorazm viloyatida, ikkinchisi Surxondaryo viloyati hududlarida moxov kasalligining paydo bo‘lish sabablarini isbotlab berdi. Birgalikda moxov kasalligining profilaktikasini takomillashtirishga katta hissa qo‘shishdi. Bemorlar bilan yaqin muloqotda bo‘lganlar orasida xastalanish mutlaqo kamaytirildi. Ushbu erishilgan yutuqlarga tayanib o‘nlab ilmiy maqolalar va tavsiyanomalar chop etildi. Bizning ilmiy ishlarimiz, ma’ruzalarimiz bilan tanish bo‘lgan hamkasblarimiz orasida moxov kasalligidan qo‘rqish (leprofobiya) hissi yo‘qoldi. Darhaqiqat, leprozoriyada “Hayotga qaytish” boshlandi.

Kunlarning birida qilingan ishlarning hisobini topshirish maqsadida Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining Respublikamizdagi vakolatxonasiga bordim. Vakolatxonaning boshlig‘i bo‘lib yangi doktor Lianna Kuppens tayinlanibdi. Meni eski, qadrdon tanishim  - doktor Jamshid Gadoyev iliqlik bilan kutib oldi. – Domla, yozuvchi bo‘lib keting-ey, siz sovg‘a qilgan kitoblaringizni mazza qilib mutolaa qildik. Pulmonologiya, ftiziatriya, OITS bilan shug‘ullanaverib, leprologiyani biroz unutibmiz chog‘i. Qilgan ishlaringizdan xabarimiz bor. Katta yutuqlarga erishgansizlar. Moxovxonaning biri yopilibdi, ikkinchisi Nukusda qolibdi. Ammo hammaga tegishli ba’zi kamchilik sizlarda ham bor. Masalan, sil bo‘lgan odamlarni, ularning oilasini atrofdagilar biroz kamsitishadi. Bizning tilda buni diskriminatsiya deyishadi. Endi sil bo‘lgan bemorlarni bemalol ambulatoriya sharoitida davolashimiz mumkin. Avvalgiday yillab kasalxonalarda yotmaydi. Sizlarda, ya’ni leprologiyada ahvol qanday?

- To‘g‘risini aytsam ahvolimiz yaxshi emas, - dedim.

 U darhol o‘rnidan turib gapira ketdi. Biz bir umr bemorlarni kasalxonaga qamab, ularni davolash bilan shug‘ullandik. Ammo ularning kamsitilishi va haq-huquqini mutlaqo o‘ylamadik. Qani aytingchi, moxovga chalingan eski bemorlarning qon bosimi oshsa uni oddiy kasalxona oladimi? Men esa past ovozda “yo‘q” deya oldim.

- Demak, uni yana moxovxonaga olib borib joylashtirasiz. Axir uning tanasidan allaqachon moxovning mikroblari yo‘qotilgan, lekin sizlar ularni yana yarasini yangilab moxovxonaga tiqasizlar.

Farzandim qatori yosh yigitning inson haq-huquqi haqida gapirayotgan fikrlarini eshitib, to‘g‘risi o‘ylanib qoldim. Bu yigit shuncha bilim va ma’lumotni qayerdan olgan?

- Xo‘sh, domla, o‘ylanib qoldingiz mana kecha bo‘lgan voqea. Sizga o‘xshagan parazitolog-infeksionist professor bizga murojaat qilayapti. Bezgakka qarshi ishlatiladigan preparatlardan topib bering deb. Lekin bizga berilgan hisobotlarni mana ko‘ring, bironta ham bezgak yo‘q, unda dorini so‘rab nima qiladi? Bundan ko‘rinib turibdiki, hisobot yolg‘on. Xullas Jamshid bilan ancha dardlashdik.

- Endi bir yangilik to‘g‘risida aytsam, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan moxov kasalligini mutlaqo yo‘qotish bo‘yicha o‘n yillik strategik reja ishlab chiqilgan. Biz hozircha ingliz tilida ma’lumotlar oldik. Keyingi hafta kelsangiz uni rus tiliga tarjima qilamiz. Men vakolatxonaning boshlig‘i bilan gaplashaman. Rozi bo‘lsa, birgalikda ishlaymiz. Keyingi hafta xuddi shu vaqt, shu yerda uchrashamiz. Xayr, salomat bo‘ling, - deb u meni qorovulxonagacha kuzatib qo‘ydi.

Kunlar ketidan kunlar, hafta o‘tdi. Bashang kiyinib, Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasiga bordim. Odatdagidek Jamshid Gadoyev meni kutib oldi.

- Domla, men hozir trening o‘tkazyapman. 10-15 daqiqadan so‘ng bo‘shab qolaman. Hozircha qilinadigan ishlar to‘g‘risida sizga xodimimiz Nurdiyda tushuntirib beradi, - deb sal yuqoriroqda o‘tirgan qizga ishora qildi. - Ismlarini qaytaring eslab qololmadim.

– Nurdiyda, - dedi yosh qizning o‘zi o‘rnidan turib. Endi bu qizning go‘zalligini, o‘zini tutishini, ingliz, rus va o‘zbek tilida gapirishini, gaplarining ravonligini eshitib lol qolmaslikning iloji yo‘q edi.

- Ismingiz jismingizga mos ekan, dedim. U “rahmat” dedi sekingina.

– Domla, mana bu strategik rejaning ingliz va rus tilidagi matni. Unda kelajakda qilinadigan ishlar juda aniq, ravshan yozilgan. O‘qib, tahlil qiling, uch-to‘rt kishidan iborat bitta guruh tuzing. Ularning ham leprologiyadan xabari bo‘lsin. Ikki oy muddat ichida Respublikamizga tegishli o‘n yillik milliy strategik reja tuzasizlar, keyin uni Vazirlikda va bizning vakolatxonamizda tasdiqlaymiz. Xizmat safari, tibbiy apparaturalar, reaktivlar, texnika, xullas, nima talab qilinsa xarajatlar bizning vakolatxonamiz tomonidan qoplanadi. Yevropa standartlariga mos ravishda hammangizga shartnoma asosida maosh beriladi. Domla, yoshingiz 62 dan oshibdi. Odatda biz xuddi shu yoshgacha bo‘lgan shifokorlar bilan shartnoma tuzamiz. Lekin boshliq sizning ko‘p yillik mohirona mehnatingizni inobatga olib, ushbu dasturda ishlashga va uni boshqarishingizga ruxsat berdi. Marhamat, kadrlar bo‘limida talab qilinadigan barcha hujjatlaringizning elektron variantini bizga jo‘nating. Qolgan shogirdlaringizga ham ushbu ma’lumotlarni berasiz, deb o‘ylayman.

Shu payt Jamshid Gadoyev xonaga kirib keldi.

– Domla, bizning qizimizga mahliyo bo‘lib qolganga o‘xshaysiz, u bizga ham juda kerak, - deb hazillashib qo‘ydi-da, - marhamat berilgan topshiriqlarni bajarishga kirishing. Ha, darvoqe bizda hech kim majburan ishlatilmaydi. Sizlar o‘z xohishlaringiz bilan reja asosida ish yuritishingiz kerak. Demak, siz bilan roppa-rosasiga ikki oydan keyin uchrashamiz, - deb u bilan xayrlashdik.

Egamberdi Eshboyev.

Davomi bor.