“Hikoya, romanlarda mening hayotim”

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida taniqli yozuvchi, jurnalist Nusrat Rahmat bilan shu mavzuda davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda jamiyatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish, aholi va yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash kabi bugungi kunning muhim masalalari bo‘yicha so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov, Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i Xurshid Nurullayev va boshqalar adib qalamiga mansub “Jadid” asarining yaratilishi, asar qahramoni - noshir, muharrir va dramaturg Mahmudxo‘ja Behbudiyning ma’rifatparvarlik borasidagi kurashlari haqida o‘z fikrlarini bildirib, ushbu romanning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, ahamiyatiga to‘xtaldi.

Tadbirda Nusrat Rahmatning “Farzandga o‘gitlar” kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Bu asar sakkiz marta chop etilgan bo‘lib, didaktik xarakterga egaligi bilan ahamiyatlidir.

80 yoshini qarshilayotgan Nusrat Rahmat o‘zining hayoti va ijod yo‘li, yaratgan asarlarining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari haqida gapirib berdi.

Kitobxonlar va yoshlar adibdan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.