Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hokim viloyatning eng olis hududida sayyor qabul o‘tkazdi, yoshlar bilan uchrashdi

Bugun viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Qo‘shrabot tumanining eng olis mahallalaridan biri Urganjida aholi uchun sayyor qabul o‘tkazdi. Unda shu mahalla va unga tutash hududlarda yashovchi fuqarolar ishtirok etdi.

Qabulda yo‘l qurilishi, ichimlik suvi, uy-joy, ishsizlik va boshqa masalalarda 142 ta murojaat kelib tushdi. Viloyat hokimi har bir fuqaroning muammo va taklifini diqqat bilan tinglab, masalalarga yechim topish chorasini ko‘rdi.

Sayyor qabuldan so‘ng hokim yoshlar bilan uchrashdi. Unda 150 nafarga yigit-qizlarning muammolari tinglandi. Uchrashuvda 28 nafar yigit motokultivator hamda payvandlash uskunalarini olishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

- Ishsizman, tomorqada mehnat qilaman, - deydi urganjilik yoshlardan biri Maqsud Mirzayev. – Shu paytgacha yerni ketmon bilan ag‘darardik. Buning uchun esa albatta, ko‘p vaqt va katta kuch talab qilinadi. Bu ishda esa motokultivator qo‘l keladi. Uni sotib olish uchun mablag‘im yo‘q edi. Bugun viloyat hokimidan shu uskunani subsidiya asosida olishga yordam berishini so‘radim. Murojaatim viloyat bandlik boshqarmasi tomonidan 10 kun muddat ichida hal qilinadigan bo‘ldi.

To‘lqin Siddiqov.