Hokimliklar saytlari qanday ishlayapti?

Shu kunlarda shahar va tumanlarda hokimlik matbuot kotibi vazifasiga zamonaviy axborot texnologiyalaridan xabardor, shijoatli yoshlar tanlov asosida qabul qilinmoqda. Ayni paytda ularning aksariyati sinov asosida o‘z faoliyatini boshladi.
Matbuot kotibining asosiy vazifalaridan biri – aholini hududdagi yangiliklardan ommaviy axborot vositalari, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali xabardor qilib borish. Bunda hokimliklar sayti qulay vositalardan biri. Xo‘sh, yangi ishga qabul qilingan matbuot kotiblar bu ishni nechog‘lik uddalayapti?
Shu savolga javob izlab, viloyatimizning 16 shahar va tuman hokimliklari veb-saytlariga nazar tashladik.
2019 yil 5 sentyabr soat 16:00 holatida saytlardagi yangiliklarning joylashtirilgan vaqti bo‘yicha Urgut tumani hokimligining www.urgut.uz sayti (19 avgust kuni soat 22:27 da saytga qo‘yilgan “Viloyat hokimi Urgutga tashrif buyurdi” maqolasi bilan) oxirgi o‘rinda turibdi.
Ortda qolayotgan saytlar qatorida “ikkinchi o‘rin”ni Payariq tumani hokimligining www.sampayarik.uz sayti egallamoqda (oxirgi ma’lumot 28 avgust kuni 14:41 da joylashtirilgan).
Samarqand tuman hokimligining www.samgulobod.uz saytiga kirishning imkoni bo‘lmadi.
Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Nurobod, Ishtixon va Jomboy tumanlari hokimliklari saytlarida ma’lumotlar yangilangan. Ammo bu saytlarning ham faoliyati ortda qolayotganlarga o‘rnak qilib ko‘rsatadigan darajada jonlansa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Biz saytlarga yangiliklarni joylashtirish vaqtiga e’tibor qaratdik, xolos. Ulardagi xabar va yangiliklar mazmun-mohiyati, gap tuzilishi va imlo xatolariga to‘xtalib o‘tirmadik (bu alohida, juda katta mavzu).
Zamon axborot xizmati xodimlaridan bilim, sinchkovlik, tezkorlik va hozirjavoblikni talab etmoqda. O‘ylaymizki, hamkasblarimiz zimmalariga yuklangan mas’uliyatli vazifani sharaf bilan uddalaydi.

To‘lqin Siddiqov.