Hovlisiga kannabis ekkan qariya ushlandi

Bilib-bilmay to‘g‘ri yo‘ldan adashgan yoshlarni tartibga chaqirish, ularga pand-nasihat qilib yo‘lga solishda yoshi ulug‘ insonlarning muhim o‘rni bor. Ammo kichiklarga nasihat qiladigan yoshdagi kishining yo‘ldan ozishini qanday izohlash mumkin? Asliddin Axadovning qilmishi ham ko‘pchilikni taajjubga soldi.                            

U yoshi bir joyga borganda nafsining yo‘liga yurdi. Hovlisining chetida marixuana (kannabis) urug‘ini ekib, yetilgan og‘uni yil davomida iste’mol qilardi. Uning bu qilmishi  turmush o‘rtog‘iga ham, oilaning boshqa a’zolariga ham ma’lum emasdi. Shu sababdan uni bu zararli odatdan qaytaradigan kishi topilmadi. Og‘u esa uni o‘z komiga tortib borardi. U yana hovlining ko‘zdan uzoqroq bir chetiga kannabis ekib, parvarishlay boshladi. Ammo “o‘simlik” yetilgan sari uning xavotiri ham ortib borardi.  

...Ko‘cha eshigining taqillashi A.Axadovni xushyor torttirdi. Eshikni ochganida Samarqand tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari giyohvand moddalarga qarshi kurashish tadbirlarini o‘tkazayotgani, uning xonadonini ham qonun doirasida ko‘zdan kechirishlarini aytishdi.        

 Kuzatuv davomida hovlining chap tomonidagi devorga suyab qo‘yilgan eski deraza romi IIB xodimlari e’tiborini tortdi. Ular adashmagan edi. A.Axadov ayni shu joyga ko‘zdan pana bo‘lishi uchun ikki dona metall tuvaklarga ekilgan besh dona marixuana o‘simligi ustidan eski deraza romini devorga suyab qo‘ygan edi. Ammo bu xiylasi pand berib, uni fosh etdi. 

A.Axadov javobgarlikdan qutilib qolish uchun sog‘ligi yomonligi, bularni dori sifatida iste’mol qilishini aytdi. Ammo tibbiy ekspertiza xulosasidan so‘ng u alkogol yoki giyohvandlik bilan xastalanmagani va tibbiy yo‘sindagi majburiy davolanishga muhtoj emasligi ma’lum bo‘ldi.

Jinoiy ish yuzasidan barcha holatlar o‘rganilib, sud tomonidan A.Axadovning qilmishiga qonuniy jazo tayinlandi.

D.Nuraliyev,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Samarqand tuman sudi sudyasi.