Hukumat tarkibidagi alohida tuzilma hamda atamalar komissiyasi til haqidagi qonun talablari bajarilishini nazorat qiladi

“Davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillika bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz zarur”.

Prezidentimizning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda aytgan ushbu fikrlari nafaqat shu til o‘qituvchisi va ona tili targ‘ibotchisi, balki Vatanimizning oddiy bir fuqarosi sifatida qalbimni g‘urur va iftixorga to‘ldirdi.

Chunki bugun barchamiz davlatimiz mustaqilligining ahamiyati, qadr-qimmatini yaxshi anglaymiz. Vatanga sadoqat va ehtiromni har bir yurtdoshimizning gap-so‘zida, xatti-harakatida ko‘ryapmiz. Demak, mamlakatda davlat tili – o‘zbek tiliga munosabat, mehr-muhabbat ham shunday bo‘lishi lozim.

Avvalo, bu yil “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganining o‘ttiz yilligi Prezident qarori asosida keng nishonlandi. Shu davrgacha har yili bu sanani nishonlaganmiz. 21 oktyabr kuni turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilardi. Lekin bu yilgidek davlat miqyosida, keng omma ishtirokida bo‘lmasdi.

Ya’ni, Xalqaro kongress markazidagi ilk tadbir davlat tiliga doir qonun qabul qilingan kunga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi. Shu kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni ham o‘zbek tili taraqqiyoti yo‘lidagi tarixiy  hujjat desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur farmon bilan 21 oktyabr - O‘zbek tili bayrami kuni sifatida yanada keng nishonlanadigan bo‘ldi.

Muhimi, davlat tilini rivojlantirish, davlat tili haqidagi qonun hujjatlariga rioya etishni muvofiqlashtirish va boshqa dolzarb masalalar bilan endilikda mamlakat hukumati tarkibidagi alohida tuzilma shug‘ullanadi. Zamon taraqqiyoti, davr talabidan kelib chiqib, kundalik nutqimizda qo‘llanilayotgan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish uchun atamalar komissiyasi tashkil etiladi.

Shu paytgacha jamiyat hayotida davlat tili haqidagi qonun talablarining yetarli darajada bajarilmayotgani, til me’yorlarining buzilayotgani haqida tilshunos olimlar, ziyolilar va keng jamoatchilik o‘z fikrini bayon etib keldi. Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar bo‘ldi. Ayniqsa, 21 oktyabr arafasida bunday maqola, ko‘rsatuv va eshittirishlar ko‘paygandan ko‘payardi. Afsuski, bu chiqishlar kutilgan samarani bermadi. Endi yangi tashkil etilayotgan departament va komissiya bu masalalarga jiddiy e’tibor qaratishiga umid qilamiz.

Farmonda “Davlat tili haqida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish ham belgilandi. Bu qonunni yangi tahrirda qabul qilishda ziyolilar, barchamiz faol ishtirok etishimiz kerak. Chunki ertaga bu qonunning ishlashi, davlat tilining barcha bo‘g‘in va doiralarda qo‘llanilishi lozim.

Bahora YuNUSOVA,

Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi.