Ibratli hikoya: Isrof
Germaniyaga o‘qishga borgan bir arab yigit hikoya qiladi:
"Germaniya sanoatlashgan, o‘ta rivojlangan davlat. U yerda turli sohalarga oid mahsulotlarning eng saralari ishlab chiqariladi. Ko‘pchilik, bu mamlakat aholisi nihoyatda to‘kin-sochin, o‘ta dabdabada yashaydi, deb o‘ylaydi.
Safarimdan oldin men ham shu fikrda edim.
Gamburg shahriga kelib tushganimda, u yerdagi tanishlarim bir restoranda ziyofat uyushtirishdi. Restoranga bordik. Qarasak, restoranda odam kam. Bir nechta yoshi katta ayollar bor. Bir chetdagi stolda yosh er-xotin o‘tiribdi. Oldilarida ikkita tarelkada ovqat va ikkita ichimlikdan boshqa narsa yo‘q. Biz ham bir stolga o‘tirdik. Qorin ham ochqab ketgandi. Shundan sherigim ko‘proq ovqatga buyurtma berdi. Restoran tinch ekan, ovqat ham tezda keldi.
Ovqatlanib bo‘lib, turib ketayotganimizda ovqatning deyarli uchdan biri tarelkada ortib qolgan edi. Restoran eshigiga yetib bormagan ham edikki, kimdir bizni chaqirdi. Qarasak, yoshi ulug‘ xonimlar restoran boshlig‘iga nimalarnidir gapirishyapti. Bilsak, ular ko‘p ovqat qoldirib ketayotganimizdan norozi ekanlar. Sherigim: - O‘zimiz buyurtma bergan ovqat, pulini to‘ladik, sizlarga daxli bo‘lmagan narsaga nega aralashasizlar?!, - dedi.
Xonimlardan biri bizga qattiq g‘azab bilan qarab turdi-da, telefon oldiga borib kimgadir sim qoqdi.
Ko‘p o‘tmasdan, rasmiy kiyimda bir kishi kirib keldi. U o‘zini "ijtimoiy ta’minot muassasasi"ning zobiti deb tanishtirdi. Bizga 50 marka jarima soldi. Biz javob qaytarolmadik. Sherigim uzr so‘rab 50 marka to‘ladi. Zobit samimiy ohangda:
- Ortib qolmasligiga ko‘zlaring yetgan taomni buyurtma beringlar, pul o‘zlaringniki, lekin resurs barchaniki. Dunyoda ko‘plab odamlar resurs, oziq-ovqat taqchilligiga duch kelmoqda, sizlar esa isrof qilyapsizlar, - dedi.
Biz rosa xijolatda qoldik. Uning gaplari haq edi. Sherigim o‘sha jinoyat qog‘ozini suratga olib, har birimizga esdalik sifatida bittadan nusxa berdi. Biz uni endi hech qachon taomni isrof qilmasligimizni eslatib tursin uchun, xonamiz devoriga osib qo‘ydik!
"Pul o‘zingniki, lekin resurslar barchaniki!".