“Ichkilikbozlikka qarshi kurashish oyligi” davomida 1393 nafar shaxs jarimaga tortildi
Samarqand viloyatida joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida mast holdagi shaxslar tomonidan 65 ta jinoyat sodir etilgani aniqlandi. Afsuski, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan oshgan.
Bu illatga qarshi kurashish, ichkilik ta’sirida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish hamda aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini keng yo‘lga qo‘yish maqsadida joriy yilning 20 iyunidan 20 iyuliga qadar viloyatda “Ichkilikbozlikka qarshi kurashish oyligi” o‘tkazildi.
Oylik doirasida viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xodimlari hududiy davlat soliq inspeksiyalari xodimlari bilan hamkorlikda alkogol mahsulotlarining noqonuniy savdosini aniqlash va bu ish bilan shug‘ullanuvchi “tadbirkor”larning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida maxsus reyd tadbirlari o‘tkazishdi.
Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tadbir davomida 59 ta alkogol mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanish holatlari aniqlanib, 767,9 litr spirtli ichimliklar musodara qilindi va huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi.
Bundan tashqari, etil spirti, alkogolli mahsulotlarni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish bo‘yicha 7 ta holat aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 186-1-moddasi bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, jamoat joylarida spirtli ichimliklar iste’mol qilgan 1393 nafar shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 187-moddasi 1-qismiga ko‘ra 155 319 500 (bir yuz ellik besh million uch yuz o‘n to‘qqiz ming besh yuz) so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanildi.
Oylik davomida sog‘liqni saqlash muassasalari hisobida turuvchi 440 nafar spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxslar, 25 nafar giyohvandlikka chalinganlar hamda 86 nafar ijtimoiy xavfli tashxisi qo‘yilgan fuqarolar ruhiy kasallar dispanserlariga majburiy davolanish uchun yotqizildi.