Buyuk Britaniyada ichkilikbozlikka qarshi kurashning antiqa usuli joriy qilindi

Joriy yilning 21 oktyabridan boshlab Uelsda spirtli ichimliklar ta’sirida jinoyat sodir etganlarning ma’lum vaqt davomida spirtli ichimliklar iste’mol qilishi taqiqlanib, maxsus “hushyorlik yorlig‘i” taqib yurishga majbur qilinishi mumkin. Qonun keyingi yil boshidan Angliyada ham tatbiq qilinadi.

👉 Yorliqlar (birkalar) sud hukmi bilan ichkilik ichishdan mahrum qilingan fuqarolarni muntazam nazorat qilish imkonini beradi. Yangi texnologiya ko‘magida takroriy jinoyat sodir etilishining oldi olinishi mumkin.

👉 Yorliqlar har 30 daqiqada mahkumdan ajralib chiqayotgan ter tarkibidan uning alkogol iste’mol qilgan-qilmaganini aniqlaydi va bu haqda tekshiruvlar (Probatsiya) markaziga xabar jo‘natadi.

👉 Agar mahkum belgilangan muddatda spirtli ichimlik ichgani aniqlansa, sud yoki vakolatli organlar tomonidan unga berilgan jazo muddati uzaytiriladi. Alkogolga jiddiy bog‘lanib qolgan kishilarga nisbatan majburiy davolash choralari oldingidek saqlab qolinadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniyada kuch ishlatish bilan bog‘liq jinoyatlarning 39 foizi bevosita ichkilikbozlik ta’sirida sodir etiladi. Ana shunday xatti-harakatlar oqibatida har yili mamlakat g‘aznasiga 21 milliard funt-sterling miqdorida ziyon yetadi.