IIV Farg‘onadagi ikki maktab rahbarining avtohalokatda vafot etishiga oid xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi

Ichki ishlar vazirligi YTH oqibatida halok bo‘lgan Farg‘onadagi maktab rahbar xodimlari viloyat hokimining tungi selektoriga chaqirilganini inkor qildi.

Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil 29 sentyabr kuni soat 20:45 larda Dang‘ara tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 25-sonli maktabning direktor o‘rinbosari M.D. “Neksiya” rusumli avtomashinasida Qo‘qon shahri tomon ketayotgan bo‘lgan. Mashinada yana ikki maktab direktor o‘rinbosari va Dang‘ara tumani xalq ta’limi bo‘limi qorovuli bo‘lgan. M.D. boshqaruvidagi “Neksiya” yo‘lda ketayotib, beton to‘siq ustiga chiqib ketgan va yo‘lni yorituvchi temir stolbaga urilgan.

YTH oqibatida avtomashina haydovchisi hamda oldi o‘rindiqda bo‘lgan yo‘lovchi Dang‘ara tumanidagi 26-sonli maktabning direktor o‘rinbosari U.Sh.lar voqea joyida halok bo‘lgan. Orqa o‘rindiqda bo‘lgan tumandagi 38-sonli maktabning direktor o‘rinbosari T.L. tuman Xalq ta’limi bo‘limi qorovuli M.B.lar tan jarohati olgan. Ular shifoxonaga joylashtirilgan.

Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, ular viloyat hokimiyatiga kechki selektor yig‘ilishiga chaqirtirilganligi aytilgan. Ammo IIV munosabatida bu ma’lumotlar asossizligi aniqlangani keltirilgan. Munosabatda keltirilishicha, 29 sentyabrda Farg‘ona viloyati hokimligida yig‘ilish yoki selektor o‘tkazilishi belgilanmagan. Yo‘l-transport hodisasiga uchragan haydovchi va yo‘lovchilar esa o‘zlarining shaxsiy yumushlari bilan Dang‘ara tumanidan Qo‘qon shahriga ketayotgan bo‘lgan.

“Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyilgan xabarda.