Ijodkorning qat’iyati qalamiga ko‘chadi
U hamon umuminsoniy talabga rioya etib yashamoqda: dunyoga odam bo‘lib keldikmi, albatta odamdek yashashimiz kerak, faqat o‘z kasbining ustasigina hayotda obro‘ga erisha oladi. U qat’iyatni qalb shioriga aylantirgan. Yo‘q-yo‘q, qat’iyatni o‘jarlikdan, cho‘rtkesarlikdan ajrata oladi. U ko‘p yozishni emas, xo‘b yozishni ma’qul ko‘radi: uslubining xususiyati shundaki, mushtariyga fikrini bemalol, ochiq, batafsil ifodalashga intiladi. U yozishdan avval o‘ziga savol qo‘ya oladi va shu savolga javob izlaydi. U birov so‘ragandagina gapiradi, murojaat qilgandagina tushuntiradi. U ustozlarining qadrini, shogirdlarining izzatini joyiga qo‘yadi, birov haqida o‘zi yo‘q paytida gapirishni yomon ko‘radi.
U ijodkorda mahoratdan tashqari katta bilim va jasorat ham bo‘lish kerakligini ta’kidlaydi. Binobarin, bu maqsadini tahliliy maqolalarida qo‘yilgan sarlavhalar ham isbotlab turibdi: "Siylov o‘rniga sitam", "Sitam o‘rniga siylov", "Qarindoshga atalgan tuzoq", "Jinoyat zanjiri", "Murosa muhiti", "Hokim himmatdan ko‘z yumdi" va hokazo. Ehtimol, shuning uchun hamkasblar bu kishini huquq targ‘ibotining, huquqiy jurnalistikaning bilimdoni sifatida hurmat qilishadi.
Aziz mushtariy, keling, sizni ham mushtoq etmasdan qahramonimni tanishtiray - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, xorazmlik taniqli ijodkor Abdulla Sobirov.
Abdulla aka bilan ikki yil davomida Toshkent oliy partiya maktabida birga o‘qish, qo‘shni xonada yotish davomida men o‘zimga fidoyi, yuksak fazilatli hamkasbimni kashf etdim. U kishi tartib-intizomga nafaqat o‘zi qat’iy rioya etadi, balki meni ham ana shu tarzga o‘rgata oldi. Vaqtning har daqiqasini rejali, unumli o‘tkazadi.
Darvoqe, A.Sobirov taniqli ziyolilar, yozuvchi Tog‘ay Murod, shoir Mirpo‘lat Mirzo, suhandon Nasiba Maqsudova va yana qator ijodkorlar bilan birga o‘qigan. Ular bilan bizning ishtirokimizda ham qizg‘in suhbatlar qurardi. O‘qish jarayonida ham Abdulla akaning qat’iyatiga guvoh bo‘lganman. Darslar rus tilida olib borilgani uchun ayrim atamalarni o‘rganishda izohini birovdan so‘rab o‘tirmasdan, albatta lug‘at yoki ilmiy asarlardan o‘zi ko‘rib, o‘qib tushunib olardi. Konspekt va seminar daftarlarini qayta o‘qishdan erinmasdi. Darvoqe, boshqa guruhdoshlarimizni ham ana shunday ish tutishga undardi. Shu sababli safimizda o‘zining o‘rni bor edi.
Abdulla akaning yana bir fazilati - ro‘zg‘orbopligi. Yoshim katta, katta maktabda o‘qiyapman, degan fikrlardan yiroq holda xonasini doimo saranjom-sarishta tutardi. Xorazmcha ovqatlarni shoshilmasdan, erinmasdan maromiga yetkazib pishirardi, hatto menga ham o‘rgatib qo‘yardi. Shuning uchun xonasi doimo do‘stlar, hamkurslar bilan gavjum bo‘lardi. Ayniqsa, shaxmat o‘yinida mabodo yutqazsa jahli chiqishini bilib, biz, ya’ni do‘stlar u kishi bilan o‘ynagani kuchliroq shaxmatchilarni olib kelardik.
Xullas, ikki yil hash-pash deguncha o‘tib ketdi. Bizga 1985-1987 yillarda ijodiy jamoalarga darsdan so‘ng borib qilgan suhbatlarimiz, birgalikda yozgan maqolalarimiz, tun bo‘yi yangi asarga oid qilgan munozaralarimiz, muhimi, yaqin do‘stligimiz qoldi.
A.Sobirovni ko‘rgan kishi uni 75 yoshga to‘lgan deb o‘ylamaydi: dilbar suhbati, samimiy munosabati, xorazmcha askiyalari, bundan tashqari hozirda ham telegram kanali orqali tarqatayotgan chuqur tahliliy maqolalari isbotlab turibdi. Chunki Abdulla aka qat’iyatli inson, umrining oxirigacha oqilona fikrlashdan, qalbini bayon etishdan, yozishdan to‘xtamaydi. Bunga ishonchim komil. Zero, bunday fidoyi safdoshlarimning xalqiga hali uzo-o-oq xizmat qilishiga ishonaman. Qutlug‘ kunlaringiz muborak bo‘lsin, Ustoz!
Farmon TOShEV, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Oliy Majlis Senati a’zosi, Samarqand shahri.