Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga Prezident tabrigi yetkazildi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 2 maydagi «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, yurtimizda urush qatnashchilari va urush orti faxriylariga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Erkinjon Turdimov, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Farrux Ziyaboyev nuroniylar, yoshlar va jamoatchilik vakillari bilan birgalikda bugun oramizda umrguzaronlik qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadonida bo‘ldi.
Inson uchun eng katta boylik - tinchlik va tanisihatlik, - deydi Samarqand shahridagi Xo‘ja G‘unjoyish mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Fazliddin Asliddinov. - Yaratganga shukr, bugun yurtimizda ana shu ikki muhim jihatga katta e’tibor qaratilmoqda. Biz, faxriylarga bo‘lgan e’tibor ham shundan dalolat.
Ushbu fayzli xonadonda kechgan suhbatda viloyat hokimi Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylari davlatimizning doimiy e’tiborida ekanini ta’kidlab, urush qatnashchisiga samimiy minnatdorlik izhor etdi. Prezident tabrigini o‘qib eshittirdi, pul mukofoti va sovg‘alar topshirildi.
Viloyat hokimi va jamoatchilik faollari Samarqand shahrida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Mixail Kolmogorov va Safiya Pogrebovalar xonadonida ham bo‘lib, ular bilan dildan suhbatlashdi. E.Turdimov faxriylarga Prezidentimiz tomonidan yo‘llangan tabrikni o‘qib berdi.
«Butun insoniyat taqdiri xavf ostida qolgan suronli davrda tinch-osoyishta hayot, musaffo osmon, farzandlarimizning yorug‘ kelajagi uchun jasorat va matonat ko‘rsatganingiz, tinch mehnat yillarida elu yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilganingiz barchamiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun ibrat maktabidir», deyiladi tabrikda.
– Xotira va qadrlash kuni yaqinlashgan sayin xonadonimizdan mehmon arimaydi, – deydi M.Kolmogorov. – Turli tashkilotlardan vakillar kelib, hol-ahvol so‘rayapti. Buning barchasi davlatimizning biz, faxriylarga g‘amxo‘rlik va e’tibori samarasi. Bugun Prezidentimizning mening nomimga yo‘llagan tabrigini olib, boshim ko‘kka yetdi.
Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi Ahad Ochilov ham Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tabriklash uchun kelgan mehmonlarni ko‘rib, quvondi. Asr bilan yuzlashayotgan otaxon yig‘ilganlarga urush xotiralaridan gapirib berdi.
- 1942 yilda urushga otlandim. Maxsus tayyorgarlikdan so‘ng safdoshlarim bilan tankchilar batalonida Shimoliy Kavkazda jangga kirgandik, - deydi Ahad bobo. – Uch yil qirg‘inbarot janglarda ishtirok etdim. G‘alabadan so‘ng ham harbiy xizmatni davom ettirdim. Germaniyada 1949 yilgacha xizmat qildim.
Urushdan keyingi faoliyatini ta’lim-tarbiya sohasida olib borgan Ahad bobo bugun nevarayu chevara, evaralar davrasida izzat-ikromda ekanidan faxrlandi. Viloyat rahbari maxsus sovg‘a hamda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga berilayotgan 18 million so‘m pul mukofotini topshirdi.
Tuman, shahar hokimlari, sektor rahbarlari hamda jamoatchilik faollari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining xonadonlarida bo‘lib, ularga Prezident tabrigini yetkazdi hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Yuksak e’tibor va hurmatdan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan faxriylar o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi, ko‘rsatilgan e’tibordan mamnun bo‘lib, yurtimizga tinchlik, osoyishtalik tilab duo qildi.