Urush qatnashchisi Bektemir bobo: Mehr-oqibatni unutmasak, har qanday muammoga yechim topiladi

Urush. Bu so‘zni eshitgan har qanday kishining eti jimirlab ketadi. Tinch-totuv hayot har qanday ne’matdan a’lo. Bugungi tahlikali davr ham tinchlikning, xotirjamlikning nechog‘lik buyuk ne’mat ekanligini yana bir bor anglatmoqda. Navqiron yigitlik davrini janggohlarda qon kechib, har bir soniyada o‘lim bilan to‘qnashgan urush faxriysi Bektemir bobo Qarshiboyevning boshidan o‘tkazganlari biz uchun ertakdek tuyuladi. Ammo bu haqiqat. Navqiron yigitning yetti yillik umri tinchlik, xotirjamlikka erishish yo‘lida o‘tdi.

Turmush o‘rtog‘i Bahor momo bilan 70 yildan buyon ahil-inoq yashab, to‘rt o‘g‘ilni voyaga yetkazib, bugun 13 nevara, 9 evaraning suyukli bobosi bo‘lib, keksalik gashtini surayotgan Bektemir bobo Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmonini eshitib, ko‘ngli g‘ururga to‘ldi.

– Prezidentimizga rahmat, bizni doim qo‘llab-quvvatlab, ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tarib turadi, – deydi Bektemir bobo. – Kecha shu farmonni eshitib, ko‘nglim yumshab ketdi. Chunki bugun butun dunyo, jumladan, bizning xalqimiz uchun ham sinovli bo‘lgan bir paytda biz, urush qatnashchilariga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani e’tiborli. Bu dunyo shunday sinovli ekan. Bunday damlarda hamjihatlik, mehr-oqibatni unutmaslik kerak. Barcha birdek kurashsa, har qanday muammoga yechim topiladi, har qanday yov yengiladi. Kampirim bilan tun-u kun duodamiz. Ilohim, yurtimiz tinch-osoyishta bo‘lsin!

Bektemir Qarshiboyev 1924 yilda Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan. 1942 yil sentyabr oyida frontga safarbar etilgan. Urush yakunlangandan keyin ham ikki yil xizmat qilib, 1949 yil may oyida ona-Vataniga qaytadi.

Urush davrida ichki ishlar polkida xizmat qilgan Bektemir boboning keyingi hayoti ham shu tizimda o‘tdi. Pensiyaga chiqquniga qadar, 1979 yilgacha ichki ishlar idoralarida turli vazifalarda mehnat qilgan.

Alisher ISROILOV.