Mamayusuf bobo mukofotdan xursand, faqat yo‘l masalasida o‘kinchi bor
Past Darg‘om tumanidagi Kamolot mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 97 yoshli Mamayusuf Rajabov bugun farzandlari va nevara, chevaralari ardog‘ida hayotga shukrona aytib keksalik gashtini surmoqda.
– 17 yoshimda urushga ketgandim, – deb xotirlaydi Mamayusuf bobo. – 1942 yilning qahraton qishida poyezdga minib urushga jo‘nadik. 23 kun yo‘l yurib, Belorussiyaga yetib bordik. Vokzaldan jangohgacha bo‘lgan 100 kilometrdan ortiq masofani bir oyda yayov bosib o‘tdik. Havo juda sovuq, shamoldan ko‘z ochib bo‘lmas edi. Dushman e’tiboriga tushib qolmaslik uchun biz faqat tunda yurardik. Shunday og‘ir kunlarda dushmanga qarshi jangga kirganmiz. 1943 yilda Belgrad shahrini bosqinchilardan ozod qilayotgandik. Dushman snayperining o‘qi chap oyog‘imga tegdi va men yaralandim. Gospitalda davolanganimdan keyin meni uyga qaytarishdi. Mana, 77 yildirki dushman snayperining bir parchasini tanamda olib yuribman. Bu menga har lahza o‘sha mash’um kunlarni eslatib turadi, qalbimga og‘riq beradi.
Mamayusuf Rajabov frontdan qaytganidan so‘ng veterinariya mutaxassisligi bo‘yicha o‘qigan va pensiyaga chiqquniga qadar Past Darg‘omdagi “O‘zbiokombinat” korxonasida mehnat qilgan.
Bugun 97 yoshni qarshilagan Maxmayusuf bobo farzandlari-yu va nabiralariga bog‘dorchilik va dehqonchilik bo‘yicha o‘z tajribalarini o‘rgatib kelmoqda. O‘g‘li Abdusalom Rajabov bilan 7 yildan buyon hovlisidagi issiqxonada 15 tup limon parvarishlaydi.
Mamayusuf bobo G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbari farmoniga ko‘ra, 10 million so‘m pul mukofoti berilganidan xursand. Buning uchun davlatimiz rahbarini uzundan uzoq duo qildi. Faqatgina otaxonning bir o‘kinchi – mahallasidagi yo‘lning ta’mirtalabligida ekan. Biz ham yo‘lni ko‘rib, otaxonning o‘kingani bejiz emasligiga amin bo‘ldik.
Baxtiyor MUSTANOV.