Ikkinchi jahon urushi faxriysi achchiq xotiralarini so‘zlab berdi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi harbiylari Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Bektemir bobo Qarshiboyevga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish maqsadida xonadonga tashrif buyurib, otaxonning holidan xabar olishdi.

Bektemir bobo 1924 yil Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan. 1942 yil 18 yoshida nemis fashistlariga qarshi kurashish, Vatanni himoya qilish uchun frontga yuborilgan.

– Frontga safarbar etilgan millionlab alp yigitlar jang maydonlarida halok bo‘ldi, bedarak yo‘qoldi, ayrimlari turli darajadagi jarohatlar bilan yaqinlari bag‘riga qaytdi. Men ham jang maydonida boshimdan nihoyatda og‘ir va suronli damlarni o‘tkazdim. Besh marotaba tanamning turli joylaridan jarohat hamda bosh miyamdan kontuziya olganman, – deydi Bektemir bobo.

Bektemir boboni ko‘nglini xushnud etish uchun Samarqand garnizoni harbiy orkestr jamoasi va qashqadaryolik oddiy askar Akrom baxshi tomonidan kuy-qo‘shiqlari ijro etildi. Bir guruh harbiylar tomonidan nuroniyning yashash xonadonidagi tomorqa yerlar yumshatildi, hovli atrofi va ariqlar tozalanib, obodonlashtirildi.

Bektemir bobo kabi urush faxriylarining achchiq xotiralari bilan tanishar ekansiz, tinchlik uchun jonini fido qilgan Vatan o‘g‘lonlarini sharaflab, yana bir karra tinchlik va osoyishtalik uchun Yaratganga shukrona keltirasiz.