Sizning jasoratingiz unutilmaydi
Samarqandda ham Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 77 yilligi keng nishonlanmoqda.
Insoniyat uchun juda katta azob-uqubatlarga sabab bo‘lgan Ikkinchi jahon urushida 152 mingdan ortiq samarqandliklar ishtirok etgan. Ularning 73 ming nafariga ona yurtiga qaytib kelish nasib etmadi. Bugungi kunda viloyatda 13 nafar urush qatnashchisi davlatimiz va xalqimiz e’tibor, g‘amxo‘rligidan bahramand bo‘lib hayot kechirmoqda.
Bayram munosabati bilan viloyat va shahar hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ushbu faxriylarni yo‘qlab borib, ulardan hol-ahvol so‘ramoqda.
Viloyat hokimi E.Turdimov Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni A.Saidov va boshqa mas’ullar bilan birga Samarqand shahrida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Fazliddin Asliddinov, Mixail Kolmagorov, fashistlar konslageri tutquni Sofiya Pogrebova hamda Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi Ahad Ochilov xonadonida bo‘ldi.
E.Turdimov Ikkinchi jahon urushida qon kechib, tinchlik uchun kurashgan va urushdan keyin yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan faxriylarga Prezidentimiz yo‘llagan tabrik xatini o‘qib berdi. Davlatimiz rahbari farmoniga ko‘ra, ularga 15 million so‘mdan pul mukofoti, esdalik sovg‘alari hamda bayram tuhfalari taqdim etildi.
1924 yilda tug‘ilgan Fazliddin Asliddinov shaharning Motrid massivida o‘sdi. Pedagogika bilim yurtini bitirib, maktabda bolalarga saboq berdi. Mash’um urush boshlangach, 1942-1945 yillarda frontda bo‘ldi.
Urushdan qaytgach, Samarqand davlat tibbiyot institutida o‘qib, shu yerda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullandi, aholi salomatligini saqlash yo‘lida xizmat qildi.
– Inson uchun eng katta boylik – tinchlik va tani-sihatlik, – deydi Fazliddin bobo. – Yaratganga shukr, bugun yurtimizda ana shu ikki masalaga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Davlat tomonidan nimaiki zarur bo‘lsa, muhayyo etilyapti. Albatta, buning qadriga yetish kerak. Biz, faxriylarga bo‘lgan e’tibordan boshimiz ko‘kka yetadi. Bayramlarda sovg‘a-salomlar yo‘llaydigan Prezidentimizdan, yo‘qlab keladigan rahbarlardan minnatdormiz.
Bog‘i Temur mahallasida yashovchi Sofiya Pogrebovaning hayoti 1981 yildan Samarqand bilan bog‘langan. Shahardagi “8 mart” fabrikasida mehnat qilgan onaxon bugun mahallaning, elning hurmat-ehtiromida. Onaxon xonadoniga yo‘qlab kelgan rahbarlarga minnatdorlik bildirdi.
Viloyatdagi boshqa sektor rahbarlari, tumanlar hokimlari ham urush va mehnat faxriylari holidan xabar olib, ularni bayram bilan tabrikladi.