El koriga yaraganlar o‘z davrida ham, vaqt o‘tgandan keyin ham qadrlanadi

Ayni paytda Samarqand viloyatida 28 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi umrguzaronlik qilmoqda. Ularning holidan xabar olinib, hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda, sovg‘a-salomlar ulashilmoqda.
- Shukrki, yurtimiz tinch-osuda. Shu sabab, xonadonlarimiz fayzli, obod, - deydi Ishtixon tumani Sheyxlarkent mahallasida yashovchi 98 yoshli Berdirasul Aminov. - Urush yillaridagi ocharchilik, suronli kunlar, o‘tmishning mashaqqatlarini eslasam, bugungi farovon turmushimizga ko‘z tegmasin, deyman.

Biz, urush faxriylariga davlatimiz rahbarining farmoni bilan pul mukofoti belgilangani inson qadri, uning mehnati, fidoyiligi yurtimizda e’tiborsiz qolmasligiga yorqin misol, deb o‘ylayman. Tuman va viloyat mutasaddilarining kelib xabar olib turgani, yoshlarning g‘amxo‘rligi ko‘nglimni tog‘dek ko‘tarmoqda.

- Sobiq ittifoq umumiy uyimiz, deb ongimizga singdirilgan davrlar edi, - deydi narpaylik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ziyat Bo‘ronov. - O‘sha mash’um 22 iyundan keyin har bir yurtdoshimizning oromi yo‘qoldi. Bugun aytsangiz, ertakka o‘xshaydi - yigitlar jangga otlandi, o‘q yomg‘iri ostida urushni tugatishga kirishdi.

Basma-bas janggohlarga ketayotgan norg‘ul o‘g‘lonlar, ko‘p o‘tmay ulardan kelgan qora xat yoki ayrimlarning noma’lum bo‘lib ketishi onalar va vafoda tengsiz yorlarning diliga qayg‘u solardi. O‘sha damlarda go‘yo kun va tun qorishib ketgandi...

Ha, o‘sha davr voqeliklari hayotning achchiq haqiqatidan saboq chiqarishga undaydi. Jumladan, katta davlatlar o‘rtasida dunyoni, ulkan tabiiy resurslarga boy o‘lkalarni taqsimlash “o‘yin”lari hali-hanuz tingani yo‘q. Har bir to‘ntarish, nizo va mojaro ortida u yoki bu davlatni mutelikka qaytarishga intilish yotibdi.

Shuning o‘ziyoq ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasi bugun yanada dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatib turibdi. O‘zbekistonning XXI asrda jahon hamjamiyatidan qanday o‘rin egallashi ham avvalambor, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarning qanday insonlar bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liqdir.

- Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda amaliy misollar muhim ahamiyatga ega, - deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Farhod Nazarov. – Shu ma’noda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bosib o‘tgan yo‘l o‘g‘il-qizlarimizga haqiqiy vatanparvar inson qanday bo‘lishiga misol bo‘la oladi.

Bu borada Prezidentimiz yaqinda qabul qilgan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda «Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori dasturilamal bo‘lmoqda. Ushbu hujjatlar asosida viloyatimizning barcha go‘shasida urush hamda mehnat faxriylari holidan xabar olinib, ularga alohida ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Ha, keksa avlod vakillariga e’tibor va g‘amxo‘rlik, hurmat-ehtirom ko‘rsatish ma’naviy hayotimizning ajralmas qismidir. Xonadonlarimiz fayzi bo‘lgan keksalar holidan xabar olish, og‘irini yengil qilish nafaqat farzandlik burchimiz, balki jamiyat ishiga aylandi.

Yo.Gadoyev.