Nurobodlik 100 yoshli urush faxriysi Qur’onni ko‘zoynaksiz o‘qiydi
Samarqand viloyatining Nurobod tumanida istiqomat qiluvchi 2 nafar urush qatnashchisi Rahmon ota va Boyquvvat bobo bu yil 100 yoshni qarshi oldilar.
Xotira va qadrlash kuni arafasida Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi va viloyat hokimligi tomonidan nuroniylarga Prezidentimizning joriy yil 30 martdagi ”Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan pul mablag‘i, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining “1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaning 75 yilligi” yubiley medallari va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Sazog‘on qo‘rg‘oni, Egriyo‘l qishlog‘ida istiqomat qilayotgan Rahmon ota Abilov Qur’oni karim oyatlarini ko‘zoynaksiz o‘qishi haqida so‘zlab berdi. Tim qishlog‘ida yashovchi Boyquvvat bobo esa harbiylarga UAZ-469 da sayohat qilish istagi borligini bildirdi. Boboni urushga uyidan mana shunday texnikada olib ketishgan ekan.
1942-1944 yillarda 137-sonli motoo‘qchi polkida minomyot hisobida dushmanga qarshi kurashgan Rahmon ota Abilov 82 millimetrli minomyotdan otilgan yondiruvchi snaryad oskolkalaridan jarohatlangan. Gospitalda 6 oy davolanganidan so‘ng bir umrga nogiron bo‘lib qolgan urush qatnashchisi uyiga qaytib, texnikumga o‘qishga kiradi. O‘qish va mehnat faoliyati davomida yurtga foydasi tegadigan ko‘plab ishlar qiladi.
Qishloqda 9-umumta’lim maktabini tashkil etib, bu yerda bolalarni 4 sinfgacha o‘qitishni boshladi. Otaxondan uzoq umr ko‘rish siri haqida so‘ralganda: “Amali to‘g‘ri va adolatli insonlarga o‘lim yo‘q ekan”, deya javob qaytardi.
Suhbat chog‘ida Rahmon ota harbiy xizmatchilarga Maxtumquli she’rlaridan o‘qib berdi.
Harbiy xizmatchilar shu kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Boyquvvat bobo Sadinovni “UAZ” texnikasida O‘zbekistondagi eng katta poligon – “Kattaqo‘rg‘on” dala o‘quv maydoni bo‘ylab, sayohat qildirdi. Yoshlik yillarini esga olib, alpkelbatli Vatanimiz himoyachilari davrasida yasharib ketgan keksa jangchi ularni uzoq duo qildi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati.