Urush qatnashchilariga 7,5 million so‘mdan pul mukofoti beriladi: Xo‘sh, bu mukofotni viloyatimizdan necha nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi oladi?

9 may munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 7,5 million so‘mdan bir martalik pul mukofoti beriladi. Bosh vazir Abdulla Aripov 24 aprelda o‘tgan selektor yig‘ilishida hokimlarga topshiriq bergan.

Toshkent viloyati hokimligi matbuot kotibi Behzod Qobulovning "Minbar"ga ma’lum qilishicha, xizmat burchini o‘tash chog‘ida vafot etgan harbiylarning oilalariga Mudofaa vazirligi 2 mln. so‘mdan pul beradi.

"Ayni paytda mamlakatimizda 878 nafar urush qatnashchisi yashayapti. Ularning har biriga 7,5 million so‘m naqd pul beriladi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga patronaj hamshira biriktiriladi. Patronaj hamshira biriktirilganda ularning bilimi va muomala madaniyatiga alohida e’tibor berish zarur. Patronajlar uchun mahalliy emas, balki respublika byudjetidan mablag‘ ajratamiz, shuni hisobga olinglar", – degan bosh vazir.

Urush qatnashchilariga 2017 yilda 2 million, 2018 yilda 5 million so‘mdan mukofot berilgan. Urush qatnashchilari soni respublikamizda o‘tgan yili 1168 nafar edi, bu yil 878 nafar qolgan.

Samarqand viloyatida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari atigi 70 kishini tashkil etmoqda.

-Bizga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan boshim osmonga yetdi, hukumatimizga ming rahmat, - dedi urush qatnashchisi, I guruh nogironi Rashid Rahmonov. – Allohga shukr, mana shunday yorug‘ kunlarni ko‘rdik, bizni boshimizdan o‘tgan qiynoqlarni hech qachon xalqimiz, yoshlarimiz ko‘rmasin.